Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Pandemiya davrida qahramonlarcha halok bo‘lgan shifokor xonadoniga tashrif
00:09 / 2023-11-12

Tibbiyot xabarlari

Marhum shifokor Odiljon Ne’matov pandemiya davrida Respublika ixtisoslashgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiy markazida o‘pka sili jarrohligi bo‘limi mudiri vazifasida mehnat qilardi. Virus tarqalishi kuchaygan vaqtda mazkur muassasa yurtimizda bemorlarni qabul qiluvchi asosiy markazlardan biri edi. Ayniqsa, o‘pka pnevmoniyasiga chalingan ko‘plab xasta insonlar aynan Odiljon Ne’matov rahbarlik qilgan bo‘limda og‘ir darddan forig‘ bo‘lgan. Ammo tojdor virus fidoyi shifokor hayotiga chang soldi va uni oramizdan olib ketdi.

Marhum shifokor insonlar hayotini saqlab qolish yo‘lida ko‘rsatgan fidokorligi va matonati uchun 2020 yil davlatimiz rahbari tomonidan mamlakatimizning yuksak unvoni – “Jasorat” medali bilan taqdirlandi.

Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov Tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan marhum shifokor xonadoniga tashrif buyurib, yaqinlari holidan xabar oldi.

Vazir suhbat mobaynida ta’kidlaganidek, sohaga qariyb 20 yil umrini bag‘ishlagan fidoyi shifokorning xotirasi qalblarda mangu yashaydi. Uning ibratli hayoti va jasorati esa farzandlari va bo‘lg‘usi tibbiyot xodimlari uchun namuna bo‘lajak.

Darhaqiqat, shifokorlik – o‘ta mas’uliyatli, shu bilan birga, sharafli kasb. Oq xalatli najot farishtalarining birgina shirin so‘zi bemor dardiga malham bo‘ladi.

90 yoshli faxriy shifokor A.Inoyatov hamda Hamida Oqilova ham uzoq yillar xalqimizga xizmat ko‘rsatib, bemorlar dardiga malham bo‘lib kelgan.  

– Tibbiyot xodimi bo‘lishi oson emas. Buning uchun insondan, eng avvalo, fidoyilik va sabr-matonat talab etiladi. Siz kabi tajribali ustozlar bu borada bo‘lg‘usi tibbiyot xodimlariga har tomonlama o‘rnaksiz. Bayram munosabati bilan sizga ezgu tilaklarimizni yetkazayotganimizdan mamnunmiz, – dedi vazir ular bilan uchrashuvda.

O‘z navbatida 90 yoshli shifokor bugungi yo‘qlovdan juda xursand bo‘lganini ta’kidladi. Vazir uchrashuvda H.Oqilovaga “Sog‘liqni saqlash a’lochisi” ko‘krak nishonini topshirdi.

Shuningdek, A.Inoyatov 85 yoshli mehnat faxriysi, tibbiyot fidoyisi Saidjalol Bahromov xonadonida ham bo‘lib, u bilan suhbatlashdi.

Tibbiyot fanlari doktori, professor S.Bahromov bu yil roppa-rosa sakson besh yoshni qarshi oldi. Olim uzoq yillik faoliyati davomida yurtimizda gematologiya sohasini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shdi.

Minglab bemorlarning xastaliklardan xalos bo‘lishi yo‘lida ilmiy izlanishlar olib bordi, sohada yangiliklar yaratdi. Qolaversa, faoliyati davomida yuzlab shogirdlar yetishtirdi. Ular orasida tibbiyot fanlari doktorlari va fan nomzodlari talaygina.

Suhbat asnosida tibbiyot fidoyisi yurtimizda shifokorlik kasbi ulug‘lanayotgani, bemorlar uchun zarur sharoitlar yaratilayotganini ta’kidlab, bugungi e’tibordan benihoya mamnun bo‘lganini bildirdi.

***

Toshkent shahar hokimligida Tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan tashkil etilgan bayram tadbirida ham soha xodimlariga ehtirom ko‘rsatildi.

Toshkent shahar hokimi v.b. Shavkat Umurzoqov, Sog‘liqni saqlash vaziri A.Inoyatov hamda bir guruh tibbiyot fidoyilari ishtirok etgan ushbu tadbirda Prezident farmoni bilan davlatimizning yuksak mukofotlariga sazovor bo‘lgan shifokorlarga orden va medallar tantanali ravishda topshirildi.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasida  o‘tkazilgan bayram tadbiri o‘zgacha shukuhda kechdi. Qo‘mita raisi Bahodir Yusupaliyev soha xodimlarining mehnatlarini e’tirof etib, aholining sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligini ta’minlashdagi mashaqqatli xizmatlarida omad tiladi.

Tadbirda Qo‘mita bo‘lim boshlig‘i Ulug‘bek Ismoilov,  vrach bakteriolog Rahima Qodirovaga Sog‘liqni saqlash vazirligining “O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash a’lochisi” ko‘krak nishoni topshirildi.

***

Toshkent davlat stomatologiya institutida o‘tkazilgan tadbirda soha xodimlari mehnati e’tirof etilib, erishilgan yutuqlar va kelgusi rejalar sarhisob qilindi.

Institut rektori  Nodir Haydarov mamlakatimizda oliy tibbiy ta’limni sifat jihatdan yaxshilash, zamonaviy kadrlar tayyorlash borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.

Tadbirda ushbu islohotlarda jonbozlik ko‘rsatayotgan, muassasa rivojiga o‘zining samarali mehnatlari bilan hissa qo‘shib kelayotgan xodimlar taqdirlandi.  

Mohigul Qosimova tayyorladi, O‘zA