Xalqimiz sog‘ligini muhofaza etish maqsadida Jizzax viloyatida ham bir qator muhim vazifalar belgilanib, chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
60 yoshdan oshgan kishilarda xavfli o‘smalar, miokard infarkti, insult bilan kasallanish holati muttasil ravishda ko‘payib bormoqda. Buning asosiy sabablari noqulay turmush tarzi, noto‘g‘ri ovqatlanish, kam harakatlilik, irsiyat, ekologik muammolar, zararli odatlar, tibbiy xizmatga kech murojaat etish yoki zarur palliativ tibbiy yordamni o‘z vaqtida va sifatli ko‘rsatmaslikdir.
Prezidentimizning 2021 yil 28 iyuldagi “Sog‘liqni saqlash sohasida ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 24 oktyabrdagi “Onkologik xizmatni yanada rivojlantirish va onkologik kasalliklarning kechki bosqichlarini o‘tkazayotgan bemorlarga tibbiy-psixologik yordam ko‘rsatishni takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlari ijrosini ta’minlash maqsadida sog‘liqni saqlashning ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish, palliativ tibbiy yordamni sifatli tashkil etish, o‘zgalar parvarishiga muhtoj yoshi ulug‘, og‘ir bemorlarga yordam berish, bemorlar va oila a’zolariga ma’naviy, ruhiy, huquqiy yordam ko‘rsatish muntazam amalga oshirilmoqda.
Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan “Aholi salomatligini mustahkamlash va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish” mavzusida grant ajratish tanlovi e’lon qilinib, O‘zbekiston hamshiralar assotsiatsiyasi Jizzax viloyat bo‘linmasi “Tibbiyot hamshirasining palliativ yordamga muhtoj shaxslarga tibbiy xizmat ko‘rsatish faoliyatiga ko‘maklashish” loyihasi bilan ishtirok etib, grantga sazovor bo‘lgan edi.
Loyihani amalga oshirishdan maqsad – og‘ir kasallikdan aziyat chekayotgan, palliativ yordamga muhtoj shaxslarga tibbiy palliativ yordam ko‘rsatishni tashkil etish, bemorlarga tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish, ularning salomatligini muhofaza etish va hayot sifatini oshirish, bemorlar oila a’zolariga ma’naviy, ruhiy, ham huquqiy ko‘maklashish sog‘lom yashash tarzini shakllantirishdan iborat.
[gallery-7990]
Shu o‘rinda, “Palliativ tibbiy yordam aslida o‘zi nima?” degan savol tug‘iladi.
– Palliativ tibbiy yordam (lotincha “pallium” – o‘rash, fransuzcha “plash” – yopmoq ma’nosini anglatadi) ma’lum toifali og‘ir ahvoldagi bemorlarga xizmat ko‘rsatish uchun tibbiy-psixologik, tibbiy-ijtimoiy tadbirlarni amalga oshiruvchi tibbiy aralashuvlar tizimi bo‘lib, og‘ir kasallikdan ma’lum darajada davolangan yoki to‘liq davolana olmagan shaxslarning hayot sifatini yaxshilash, kasallik bilan bog‘liq muammolarini bartaraf etish chora-tadbirlar majmuiga aytiladi, – deydi O‘zbekiston hamshiralar assotsiatsiyasi Jizzax viloyat bo‘linmasi raisi, loyiha rahbari Yolqin Tolipov. – Palliativ yordam kimga va nima uchun kerak? Palliativ tibbiy yordam ko‘plab tibbiy muammolarga duch kelgan keksa bemorlarning 40-60 foizi uchun zarur. Jumladan, surunkali yurak-qon tomir kasalliklari (38,5 foiz), saraton (34 foiz), OITS (15,7 foiz) va diabet (32,5 foiz) bilan og‘rigan bemorlar palliativ tibbiy yordamni talab etishi aniqlangan.
Palliativ yordam berishni surunkali buyrak va jigar yetishmovchiligi, revmatoid artrit va sil kasalligi bilan aziyat chekayotgan keksa bemorlarda ham qo‘llash o‘rinli bo‘ladi. Bunday yordamga muhtoj keksa kishilarning aksariyati noqulay shart-sharoitlar, ruhiy zo‘riqishlar, holsizlik, og‘riqlardan shikoyat qiladi.
“Tibbiyot hamshirasining palliativ yordamga muhtoj shaxslarga tibbiy xizmat ko‘rsatish faoliyatiga ko‘maklashish” loyihasi rejasiga muvofiq, Jizzax shahar tibbiyot birlashmasining patronaj hamshiralari bilan birgalikda 2022 yilning yanvar oyida Jizzax shahrida yashayotgan onkologik, surunkali yurak qon-tomir, nafas olish a’zolari kasalliklari bilan aziyat chekayotgan keksa-qariya og‘ir bemorlar o‘rtasida palliativ yordamga muhtojlik darajasini aniqlash maqsadida tibbiy-ijtimoiy anketa-so‘rovnoma o‘tkazildi va ushbu so‘rovnoma natijalariga ko‘ra 50 nafar palliativ yordamga muhtoj keksa bemorlar borligi aniqlandi.
– “Palliativ yordam ko‘rsatishni tashkil etishda patronaj hamshirasining roli” mavzusida seminar-trening mashg‘uloti o‘tkazilib, jarayonda Jizzax shahar tibbiyot birlashmasiga qarashli oilaviy poliklinikalardan tanlab olingan 25 nafar patronaj hamshirasini o‘qitdik, – deya so‘zida davom etadi Yolqin Tolipov. – Ayni paytda, mazkur loyiha rejasiga muvofiq “Palliativ tibbiy yordam asoslari”, “Gerontologiyada hamshiralik ishi”, “Tibbiy psixologiya” kabi tibbiy adabiyotlar patronaj hamshiralariga tarqatilib, shu yil 1 martidan buyon 25 nafar palliativ yordam hamshiralari har biri 2 nafardan keksa, og‘ir bemorga maqsadli patronajni amalga oshirmoqda. Og‘ir bemorlarning umumiy ahvoli, hayotiy ehtiyojlari, ularning ovqatlanishi, parvarish qilish qobiliyati, harakat faolligi va yashash sharoitlari o‘rganilib yordam ko‘rsatilmoqda.
Loyiha rejasiga muvofiq shu yil iyun va iyul oylarida palliativ yordamga muhtoj keksa, og‘ir bemorlarning ehtiyojlaridan kelib chiqib, ularga grant loyihasi mablag‘lari hisobidan parvarishlash buyumlari, tibbiy vosita va dori-darmonlar tarqatildi.
– Menga biriktirilgan tibbiyot hamshirasi menga yordam bermoqda, – deydi 1945 yilda tug‘ilgan, yurak ishemiya, II darajali gipertoniya, III darajali arterial gipertenziya kasalliklari bilan og‘rigan Jizzax shahrilik bemor Tursunoy Normatova. – Kuni kecha patronaj hamshiram bilan soha xodimlarining bir guruhi kelib, sog‘iligimni nazoratdan o‘tkazdi. Menga parvarish buyumi, tibbiy vosita va dori-darmonlar berib ketdi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA