Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Palaxmon toshlar olis tarixdan so‘zlaydi
13:07 / 2025-11-10

Surxondaryo vohasi boy tarixiy obidalari, arxeologik yodgorliklari, turli davrlarga oid topilmalari bilan o‘tmishimizni yanada chuqur o‘rganishga, ajdododlarimizning hayot tarzi va rivojlanish bosqichlari bilan yaqindan tanishishga xizmat qilmoqda.

Arxeologik tadqiqotlar chog‘ida qadimiy vohaning hozirgi Muzrabot tumanidagi bronza davriga oid Sopollitepa va Sherobod tumanidagi Jarqo‘ton yodgorliklarida yuzlab palaxmon toshi topilgan. Palaxmon toshlar juda qadimiy qurol bo‘lib, bu topilmalar bronza davri jamiyatida tosh otuvchi qurollardan keng foydalanilganidan darak beradi. Palaxmon toshlari harbiy va xo‘jalik hayotida muhim ahamiyat kasb etgan. Jang payti qal’a mudofaasi va tinch davrlarda ovchilikda ishlatilgan. Ularning ayrimlari Termiz arxeologiya muzeyi ko‘rgazmalaridan joy olgan.

Sharsimon yirik toshlarning topilishi manjaniq singari murakkab mexanik qurilmalardan foydalanilgan bo‘lishi ehtimolini ham ko‘rsatadi. Palaxmon insoniyatning eng qadimiy tosh otuvchi qurollaridan biri bo‘lib, O‘zbekiston hududida mezolit davridan boshlab ishlatilgan. Neolit va bronza davri yodgorliklarida sharsimon toshlar topilgan. Qadimgi skif va sarmat qabilalari jangchilarining asosiy qurollaridan biri sifatida palaxmondan foydalangan. Uning ishlash prinsipi oddiy: tosh teri tasma yoki arqon yordamida aylantirilib, ipning bir uchini qo‘yib yuborish orqali yuqori tezlik bilan nishonga otiladi. 

Surxon vohasi hududidan topilgan toshlarning og‘irligi 230-500 gramm, diametri 29-100 millimetr oralig‘ida bo‘lgan. Kichik toshlar ovchilikda, yiriklari esa mudofaa va qal’a himoyasida qo‘llangan. Manjaniq o‘rta asr va qadimiy harbiy san’atning strategik quroli bo‘lib, turli xalqlarda keng qo‘llangan. Jumladan, mo‘g‘ullar qamalda manjaniqni asosiy hujum quroli sifatida ishlatgan. Manjaniq yordamida qal’a devorlari buzilgan, ichkariga katta toshlar orqali ruhiy bosim o‘tkazilgan. Salohiddin Ayubiy va boshqa islom hukmdorlari manjaniq ustalarini alohida saqlagan. Chingizxon Xitoy, Xorazm va Bag‘dod qamallarida xitoylik va arab muhandislarini jalb etib, katta manjaniqlar yasatgan. Halokuxon davrida Bog‘dod qamalida 100 dan ortiq manjaniq ishlatilgan. Manjaniqlar devorlar, darvozalar va minorlarni qulatishda asosiy rol o‘ynagan.

Ibn al-Asrning “Al-Kamil fit-tarix” asarida yozilishicha, arab-islom qo‘shinlarida manjaniq VII asrdan boshlab qo‘llangan. Qal’alarni egallashda sekin lekin kuchli zarba beruvchi qurol sifatida ta’riflanadi. 

Manbalarda yozilishicha, manjaniq zanjir yoki arqon bilan tarang tortib, tosh otadigan mexanik qurilma sifatida ishlatilgan. O‘rta asrlarda mudofaa va hujum uchun keng qo‘llangan, o‘q otish kuchi inson kuchidan emas, mexanik bosim hisobiga hosil bo‘lgan. Islom olamida manjaniq texnik jihatdan takomillashtirilgan. Qurilishida yog‘och, arqon, charm va og‘ir qarshi tosh ishlatilgan. Ba’zi manjaniqlar bir tonnagacha tosh otgan. U o‘z davrida texnik inqilob bo‘lib, oldingi oddiy tortish manjaniqlardan kuchliroq, uzoqroq va aniqroq otish imkoniyatini yaratgan. Bu turdagi manjaniqlarni aynan musulmon muhandislari rivojlantirilgan.

Manjaniq mo‘g‘ullarda va o‘rta asr islom dunyosida strategik qurol sifatida ishlatilib, psixologik bosim o‘tkazish va uzoqdan zarba berish vositasi sifatida tanilgan.

Lo‘nda qilib aytganda, Sopollitepa va Jarqo‘ton yodgorliklaridan topilgan palaxmon toshlari bronza davri jamiyatida uning muhim qurol sifatida keng qo‘llanilganini ko‘rsatadi. Shuningdek, manjaniq qadimiy va o‘rta asr harbiy san’atida asosiy strategik qurol vazifasini bajargan. U o‘sha davr qo‘shinlarining hujum va mudofaa texnologiyasida muhim ahamiyat kasb etgan.

GavharChubalova,

Termiz arxeologiya muzeyi

katta ilmiy xodimi.

O‘zA