Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Pahlavon”da olimpiya chempioni izdoshlari saralanadi
08:55 / 2021-10-01

Tokioda o‘tkazilgan olimpiya o‘yinlari g‘olibi Ulug‘bek Rashidov kabi mahoratli sportchilarni tayyorlash maqsadida mamlakatimizning turli hududlarida xalqaro turnirlar o‘tkazilishiga O‘zbekiston taekvondo assotsiatsiyasida katta e’tibor qaratilmoqda.

Assotsiatsiya matbuot xizmatining xabariga ko‘ra, xalqaro kelishuvga binoan joriy yilning 27-31 oktyabr kunlari Namangan shahridagi “Pahlavon” sport majmuasida iste’dodli sportchilarni saralash maqsadida taekvondoning WT turi bo‘yicha Namangan viloyati ochiq chempionati bahslari o‘tkaziladi.

"Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili" davlat dasturi doirasida tashkil etilayotgan ushbu musobaqada yurtimiz taekvondochilari bilan birgalikda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Rossiya, Turkiya, Malayziya, Hindiston, Shri-Lanka, Pokiston va Tailand mamlakatlaridan sportchilar qatnashishi kutilmoqda.

Bundan ikki yil muqaddam gullar shahrida shunday xalqaro turnir tashkil etilgandi. Shu bois, 2-xalqaro turnir maqomini olgan musobaqada 2013-2014 yilda tug‘ilgan yoshlar, 2008-2010 yilda tug‘ilgan o‘smir-yoshlar, 2005-2007 yilda tug‘ilgan o‘smirlar va yoshi katta sportchilar medallar uchun kurash olib borishi kutilmoqda.

O‘zbekiston taekvondo assotsiatsiyasida ushbu musobaqani yuqori saviyada tashkillashtirish, mahoratli sportchilarni tayyorlash borasida assotsiatsiya tizimida ichki muloqot bo‘lib o‘tdi.

 

 

T. Ro‘ziyev, O‘zA