Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
«Padarkush» sahnalashtirilgan hovli jadidlar hayotidan so‘zlaydi
08:37 / 2023-02-19

19 yanvar - Mahmudxo‘ja Behbudiy tavallud topgan kun

2021 yil 18 oktyabrda Samarqand shahrida ochilgan ulug‘ ma’rifatparvar, noshir, jurnalist Mahmudxo‘ja Behbudiy uy-muzeyi bugun matbuot tarixi, jadid adabiyoti bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib borayotgan tadqiqotchilar jam bo‘ladigan maskanga aylangan.  

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 16 apreldagi qaroriga asosan Behbudiy tavalludining 145 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan uy-muzeyda Behbudiyning hayoti va ijodi haqidagi ma’lumotlar, o‘sha davr madaniyati, ma’rifati, ilm-fan rivojiga hissa qo‘shgan bir qancha ma’rifatparvar olimlarning fotosuratlari, ilmiy asarlari, gazeta va jurnallar joy olgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, bu binoda Behbudiy boshchiligida «Samarqand» gazetasi, «Oyina» jurnali chop etilgan. Eng muhimi, «Padarkush» dramasi ham ilk bor shu hovlida sahnalashtirilgan. Demak, bu bino nafaqat adabiyotshunoslar, noshirlar, jurnalistlar, balki teatrshunoslar uchun ham alohida ahamiyatga ega.  

[gallery-10320]

- Ushbu muzey Ulug‘ ma’rifatparvar Mahmudxo‘ja Behbudiy hayoti va ijodiga, jadidlar davri noshirligi, jadid maktablari faoliyatiga qiziqqanlar uchun muhim ziyo maskani hisoblanadi, - deydi Mahmudxo‘ja Behbudiy uy-muzeyi mudiri Gulmamad Ahmedov. - Bugun uy-muzeyimizda Behbudiyning hayoti va ijodiga bog‘liq bir qancha eksponatlar mavjud. Jumladan, shaxsan uning o‘zi foydalangan kreslo, teridan ishlangan sandiq, oftoba avlodlari tomonidan taqdim etilgan. Shuningdek, «Samarqand» gazetasining so‘nggi 45-soni, jadid maktablari uchun tayyorlangan qator darsliklar ham muhim eksponatlardan hisoblanadi. XIX asr oxiri XX asr boshlarida Germaniyaning «FORSTE&TAOMM» firmasi tomonidan ishlab chiqarilgan qo‘lda ishlatiladigan litografiya dastgohi ham ko‘pchilikning e’tiborini tortadi. Bu dastgoh o‘sha davrda noshirlarning asosiy bosma uskunasi bo‘lgan. Katta ehtimol bilan Behbudiy ham gazeta va jurnallarni chop etishda ushbu dastgohdan foydalangan. Afsuski bu haqida aniq ma’lumot yo‘q. Lekin bu dastgoh jadidlar davrida foydalanilgan. Dastgoh 1981 yilda Samarqand shahridagi Morozov bosmaxonasi tomonidan muzeyga topshirilgan.  

Uy-muzey zallari bilan tanishgan kishi sekin-asta o‘sha davr matbuoti, noshirlik faoliyati, jadid maktablari hayoti haqida tushunchaga ega bo‘lib boradi. Jadid maktablarida foydalanilgan darsliklar, noshirlik mahsulotlari alohida e’tiborga molik. Muzeyda tashkil qilingan darsxona va kutubxonada bo‘lgan kishining ko‘z oldida o‘sha davr ta’lim jarayonlari gavdalanadi. Uy-muzey mas’ullarining ta’kidlashicha, ayni paytda kutubxonaning yetarli ashyolar bilan ta’minlash borasida ishlar olib borilmoqda. Shuningdek, uy-muzey eksponatlarini boyitish bo‘yicha izlanishlar davom etmoqda. Jumladan, yaqin kunlarda Mahmudxo‘ja Behbudiyning qizi Parvin Behbudiy tomonidan ishlatilgan tikuv mashinasi uy-muzey fondidan joy oladi.

O‘zA fotomuxbiri

Alisher Isroilov olgan suratlar.