Markaziy bank mobil ilovalar orqali amalga oshiriladigan kartadan kartaga (P2P) o‘tkazmalarda o‘tkazma maqsadini ko‘rsatish funksiyasi bo‘yicha qo‘shimcha ko‘rsatma berdi. Bu haqda Markaziy bank axborot xizmati xabar berdi.
Endilikda tijorat banklari va to‘lov tashkilotlari ushbu funksiyani mijozlar uchun foydalanish qulayligini saqlagan holda joriy etishlari mumkin. Har bir bank o‘z mobil ilovasining texnik imkoniyatlari va ichki siyosati asosida bu funksiyadan foydalanish tartibini belgilaydi.
Banklar va to‘lov tashkilotlari ixtiyoriy ravishda to‘lov maqsadi parametrlarini kengaytirishi yoki taklif etilganlarini kamaytirishi mumkin. Bu o‘zgarishlar mijozlar uchun raqamli xizmatlardan foydalanishni osonlashtirish va yanada qulay qilish maqsadida amalga oshirilmoqda.
Yakuniy va takomillashtirilgan mexanizm ishlab chiqilgach, alohida tartibda ommaga ma’lum qilinadi. Bu mijozlar uchun P2P o‘tkazmalarini yanada shaffof va samarali qilishga xizmat qiladi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA