“O‘zyog‘moysanoat” uyushmasi xabar berishicha, O‘zbekiston joriy yil 11 oyda 38,1 million dollarlik yog‘-moy mahsulotlari eksport qildi. Eng ko‘p eksport Afg‘onistonga amalga oshirilgan.
Uyushma tizimidagi korxonalar tomonidan 2022 yilning yanvar-noyabr oylarida prognozdagi 21,3 million AQSH dollari o‘rniga 38,1 million AQSH dollari miqdorida yog‘-moy mahsulotlari eksport qilindi. Natijada mahsulot eksporti bo‘yicha joriy yilning 11 oyi uchun belgilangan prognoz ko‘rsatkichi 179 foizga bajarilishi ta’minlandi.
Ushbu davrda yog‘-moy mahsulotlari asosan quyidagi davlatlarga eksport qilingan: Afg‘oniston – 25 million 820 ming dollar, Turkmaniston – 4 million 12 ming dollar, Tojikiston – 3 million 770 ming dollar, Qozog‘iston – 1 million 364 ming dollar, Qirg‘iziston – 1 million 14 ming dollar.
Bundan tashqari, Rossiya, Gruziya, Mo‘g‘uliston, Ozarbayjon, Niderlandiya, Isroil, Iroq, BAA va AQSH davlatlariga ham yog‘-moy mahsulotlari eksporti amalga oshirildi.
O‘zA