Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
"O‘ztransgaz"da HR faoliyati raqamlashtirilmoqda
14:37 / 2025-10-14

Bugun "O‘ztransgaz" aksiyadorlik jamiyati jamoatchilik kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda inson resurslarini boshqarish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar hamda raqamlashtirish jarayonlariga bag‘ishlangan dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Yig‘ilishda "O‘ztransgaz" AJ boshqaruvi raisi maslahatchisi Lola Sharipova so‘zga chiqib, tashkilotda kadrlar faoliyatini zamon talablari asosida isloh qilish va raqamli tizimga o‘tkazish jarayonlarining ahamiyati haqida to‘xtalib o‘tdi.

– Inson kapitali – bu har bir tashkilotning asosiy boyligi. Shuning uchun ham kadrlar bilan ishlashda zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish jamiyatning barqaror rivojlanishiga xizmat qiladi. Raqamlashtirish inson omilining salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish, samaradorlikni oshirish va ichki jarayonlarni shaffof qilishda muhim ahamiyat kasb etadi, – dedi Lola Sharipova.

Shundan so‘ng jamiyat boshqaruvi raisi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari masalalari bo‘yicha maslahatchisi Mirshohid Mohirjonov HR jarayonlarini raqamlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyiha haqida taqdimot qildi.

–Mazkur loyiha tashkilotimiz ish jarayonlarini yengillashtirish, qog‘ozbozlikdan voz kechish va barcha xodimlar uchun qulay muhit yaratishni nazarda tutadi. Hozirgi kunda bu jarayon "O‘zinfokom" MCHJ bilan hamkorlikda olib borilmoqda. Unga ko‘ra, kadrlar hisobini yuritish, xodimlarning malakasini baholash, ish samaradorligini monitoring qilish kabi barcha jarayonlar bosqichma-bosqich raqamlashtiriladi. Bu esa HR faoliyatini shaffof, tizimli va natijaviy qilish imkonini beradi, – dedi Mirshohid Mohirjonov.

Ta’kidlanishicha, loyiha doirasida jamiyatda yagona elektron ma’lumotlar bazasi yaratiladi. Xodimlarning mehnat faoliyati, malaka oshirish va rag‘batlantirish jarayonlari onlayn tarzda kuzatib boriladi. Shu orqali kadrlar boshqaruvidagi ortiqcha qog‘oz aylanmasi qisqaradi va ma’lumotlar almashinuvi tezlashadi.

Shuningdek, yig‘ilishda raqamli HR tizimini joriy etishning amaliy jihatlari, tizimni ishga tushirishda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolar va ularning yechimlari bo‘yicha takliflar ham bildirildi.

Jamoatchilik kengashi a’zolari mazkur tashabbusni qo‘llab-quvvatlab, raqamlashtirish nafaqat kadrlar faoliyatini samarali boshqarish, balki jamiyatda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashda muhim qadam bo‘lishini ta’kidladi.

Yig‘ilish yakunida ishtirokchilar loyihani amalga oshirishda ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganish, ichki normativ hujjatlarni raqamli tizimga moslashtirish va xodimlar malakasini oshirish bo‘yicha aniq vazifalarni belgilab oldilar.

Nasiba Ziyodullayeva,

O‘zA