Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“O‘ztransgaz” AJ tizimidagi 140 nafar xotin-qiz tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi
16:18 / 2023-11-20

“O‘ztransgaz” aksiyadorlik jamiyati tizimida mehnat qilayotgan ishchi-xodimlarning 900 nafarga yaqini xotin-qizlardir. Ular tabiiy gaz uzatish tizimini ekspluatatsiya qilish jarayonida faol qatnashmoqda.

Ushbu tizimda ishlayotgan har bir xotin-qizning maqsadi ona Vatan ravnaqi yo‘lida xizmat qilish va iste’molchilarga sifatli tabiiy gazni ekspluatatsiya qilishga qaratilgan. Shu sababli, ular ushbu mas’uliyatli ishni astoydil bajarib kelmoqda.  

Xo‘sh, ushbu tizimda faoliyat ko‘rsatayotgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va ularga har tomonlama yordam berish yo‘lida qanday chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda?  

Mazkur savolga “O‘ztransgaz” aksiyadorlik jamiyati axborot xizmati rahbari Shahnoza Ravshanova quyidagicha javob berdi:  

– “O‘ztransgaz” aksiyadorlik jamiyati rahbariyati tomonidan tarmoqda ishlayotgan xotin-qizlarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash ishlari tizimli amalga oshirilmoqda. Bunda ularning malaka oshirishi, sayohatlar tashkil etish, sanatoriylarga yo‘llanma berish, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, moddiy rag‘batlantirish kabi masalalarga alohida e’tibor qaratilmoqda.  

Ayniqsa, bunda Xotin-qizlar maslahat kengashi va uning boshlang‘ich tashkilotlari faoliyatini alohida ta’kidlash lozim. Xususan, buni Buxoro viloyatida o‘tkazilgan tadbirlar misolida aytishimiz mumkin. Respublika magistral gaz quvurlari tarmog‘idagi muhim inshootlardan bo‘lgan Gazli magistral gaz quvurlari boshqarmasining mas’uliyatli ishida faoliyat olib borayotgan 1000 nafarga yaqin ishchi-xodim orasida ham 150 ga yaqin xotin-qiz mehnat qiladi. Boshqarmada ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va jamiyatdagi ishtirokini oshirish maqsadida qator ishlar amalga oshirilyapti.  

Kuni-kecha boshqarmaga ko‘chma tibbiy punktning borgani va ayollar uchun shifokor ko‘rigi tashkil qilingani ham bu boradagi ishlardan biri bo‘ldi. Beg‘araz asosda amalga oshirilayotgan loyiha doirasida ular qon tahlillari topshirib, UTT va tor doiradagi yo‘nalish shifokorlarining ko‘rigidan o‘tdi. Ko‘chma tibbiyot punktidagi tibbiy ko‘rikka Kogon MGQBda mehnat qilayotgan xotin-qizlar ham jalb qilindi.  

Gaztransport tizimida ishlayotgan xotin-qizlar shifokorlar bilan yaqindan suhbatlashib, salomatliklari uchun qimmatli maslahatlarga ega bo‘ldi. Aytish joizki, xotin-qizlar mehnat jamoasida faol ishtirokchi xodim bo‘lsa, uyda ona va beka hamdir. Ularning hayotida hal qilinishi kerak bo‘lgan masalalar yoki yechimini kutayotgan muammolar yo‘q, deb bo‘lmaydi. Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirga Romitan tumani hokimining o‘rinbosari – oila va xotin-qizlar bo‘limi faollarining borgani yanada yaxshi bo‘ldi. Xotin-qizlar yetakchilari va ishchi-xodimalar davra suhbati davomida ayni paytda har bir ayolning uyida, ijtimoiy hayotida muammolari bor-yo‘qligi bilan tanishdi. Muammolar bo‘lgan holatlarda ularni hal etish bo‘yicha mavjud imkoniyatlar tushuntirildi.  

Huquqiy madaniyat va bilimlarni oshirish borasida maslahatlar berildi.  

Shuni ta’kidlash kerakki, bu kabi tadbirlar “O‘ztransgaz” AJ tizimidagi tashkilotlarda muntazam tashkil etilmoqda. Bu esa xotin-qizlarimizning nafaqat tibbiy ko‘rikdan o‘tishida, balki ularning yurtimizning turli manzillariga sayohat qilishi va xordiq chiqarishlarida namoyon bo‘lmoqda.  

O‘zA muxbiri

Nasiba Ziyodullayeva yozib oldi