“O‘ztransgaz” aksiyadorlik jamiyatida Jahon banki bilan hamkorlikda magistral gaz uzatish tizimida energiya samaradorligini oshirish hamda gaz yo‘qotilishini kamaytirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ushbu hamkorlik doirasida, avvalo, kompressor stansiyalarida metan gazining sizib chiqishi bilan bog‘liq holatlarni aniqlash va ularni bartaraf etishga qaratilgan yangi yondashuvlar joriy etilmoqda.
Loyiha doirasida Jahon banki, VEMA S.A. kompaniyasi hamda “O‘ztransgaz” AJning malakali mutaxassislari ishtirokida kompressor stansiyalarida maxsus tadqiqot ishlari olib borildi. Tadqiqotlar jarayonida gaz infratuzilmasi ob’ektlari zamonaviy yuqori aniqlikka ega uskunalar yordamida tekshirilib, metan gazi sizib chiqish ehtimoli yuqori bo‘lgan nuqtalar aniqlandi. Shu orqali gaz yo‘qotilishini kamaytirish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish hamda atrof-muhitga salbiy ta’sirni qisqartirishga qaratilgan texnik yechimlar ishlab chiqildi.


Shu bilan birga, loyiha doirasida sohada faoliyat yuritayotgan mutaxassislarning bilim va amaliy ko‘nikmalarini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, Toshkent magistral gaz quvurlari boshqarmasiga qarashli “Ohangaron” kompressor stansiyasida metan gaz sizib chiqishini aniqlash bo‘yicha amaliy o‘quv-seminari tashkil etildi. Ushbu seminar davomida kompressor stansiyasi zamonaviy maxsus analizatorlar yordamida tekshirilib, gaz yo‘qotilishini aniqlash va kamaytirishga qaratilgan ilg‘or texnologiyalar amaliyotda namoyish etildi.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA