“O‘ztransgaz” AJning o‘tgan 2023 yil ko‘rsatkichlariga ko‘ra, mazkur jamiyat tomonidan tabiiy gazni 64 ta texnologik parametr bo‘yicha tadqiq qilishi ko‘zda tutilgan raqamlashtirish dasturi doirasida tarmoqdagi 1 ming 277 ta gaz hisoblash uskunasi avtomatlashtirilgan tizimga ulangan.
Shuningdek, “Buxoro-Ural” va “Gazli-Nukus” gaz quvurlari orqali respublikaning janubiy qismiga uzatish bo‘yicha imzolangan “Yo‘l xarita”siga ko‘ra, gaz o‘lchash stansiyasi qurib ishga tushirildi. “Qoraqalpog‘iston” va “Akchalok” kompressor stansiyalaridagi keng qamrovli ta’mirlash ishlari natijasida qariyb 10 yildan buyon ishlamay turgan 9 ta gaz haydash agregatining ish qobiliyati tiklandi. “Buxoro-Ural” magistral gaz quvurida 22 kilometr yangi – IV tarmoq qurib foydalanishga topshirilgan bo‘lsa, “Buxoro-Ural” gaz quvurining uchta tarmog‘i va “Xiva- Beyneu”da 22,3 kilometrlik quvur kapital ta’mirdan chiqarildi.
Bu haqda “O‘ztransgaz” aksiyadorlik jamiyati axborot xizmati rahbari Shahnoza Ravshanova AOKA da o‘tkazilgan brifingda ma’lum qildi.
Unda ta’kidlanishicha, Surxondaryoning 6 hududida tabiiy gaz uzluksizligi ta’minlangan. “O‘ztransgaz” AJ tomonidan “Termiz” magistral quvuriga parallel ravishda 46,5 kilometr uzunlikdagi “Termiz-2” magistral quvurini qurish loyihasining 31 kilometrlik qismi ishga tushirildi. Buning natijasida 62 mingdan ortiq aholi xonadoni hamda mingdan ziyod ulgurji iste’molchilarni 2024-2025 yil kuz-qish mavsumida tabiiy gaz bilan kafolatli ta’minlash imkoniyati paydo bo‘ldi.
– Energetika vazirligi topshirig‘iga ko‘ra, “O‘ztransgaz” AJ tomonidan “Olimkent Avto Reys” GTSga qurib bitkazilgan yangi tarmoqqa Oqqo‘rg‘onning “Sultonobod”, “S.Tegizboyev”, “S.Rahimov”, “Qo‘rg‘oncha”, “Birlik” va “Mustaqillik” mahalla fuqarolar yig‘inlaridagi 5640 ta aholi xonadoni hamda 147 ta ulgurji iste’molchi o‘tkazildi. Bu esa gaz uzatish masofasining 16 kilometrga qisqarishiga va bosimning ikki barobarga ortishiga zamin yaratdi.
Vodiy aholisini tabiiy gaz bilan kafolatli ta’minlash gazni yer ostida saqlash ombori hajmini oshirishga qaratilgan loyiha doirasida 6 ta quduq burg‘ilandi. Mazkur loyiha yakunlanishi bilan ombordan kunlik tabiiy gaz olish hajmi 9 ming metr kubdan 12 ming metr kubgacha yetkaziladi. Aytish kerakki, Farg‘ona vodiysining gaz tizimi yaxlit bir halqa shaklidadir. Yagona tarmoqda nosozlik yuzaga kelsa, qolgan iste’molchilar favqulodda gazsiz qolishi mumkin. Ayni muammoga yechim sifatida “O‘ztransgaz” AJ tomonidan 39 kilometr uzunlikdagi “Rishton aylanmasi” qurildi, – dedi Sh. Ravshanova.
Brifingda Sirdaryo viloyatining Shirin shahri va Boyovut tumanlari hududida quvvati 1500 MVt bo‘lgan zamonaviy issiqlik elektr stansiyasi hamda mazkur ob’ektni tabiiy gaz bilan kafolatli ta’minlash maqsadida joriy yilda “Shirin” gaz taqsimlash stansiyasida 4,7 kilometr uzunlikdagi magistral gaz quvuri qurilganligi qayd etildi. Shuningdek, issiqlik elektr stansiyasi uchun 2 ta gaz tozalash uskunasi, 2 ta gaz bosimini rostlovchi qurilma, 3 ta gaz o‘lchov moslamasi, yetkazib berilayotgan tabiiy gaz sifatini yanada yaxshilash maqsadida yana 2 dona tabiiy gazni yuqori darajada tozalovchi qurilma o‘rnatilgan. Albatta bu ishlar stansiya quvvatining yanada oshishiga xizmat qiladi.
Nasiba Ziyodullayeva,O‘zA