Yaqinda "O‘ztransgaz" AJ hamda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Ozoda Parpiboyeva va "O‘ztransgaz" AJ boshqaruvi raisi v.b Asqar Isoqov mamlakatimizda xotin-qizlarga e’tibor davlat siyosati darajasiga chiqqani, barcha tashkilotlar, xususan, aksiyadorlik jamiyati tizimida ham ayollar har jihatdan qo‘llab-quvvatlanayotganini ta’kidladi.
Qayd etilganidek, ushbu imzolangan hamkorlik memorandumi 2024-2025 yillarda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tadbirlar va ularni amalga oshirish mexanizmlarini ifoda etadi. Bu tadbirlarning amaldagi ijrosi esa soha xotin-qizlarini qo‘llab-quvvatlash orqali ularning jamiyatda va oiladagi o‘rnini mustahkamlab, samarali faoliyat olib borish imkoniyatlarini kengaytiradi. E’tiborlisi, tomonlar hamkorligi bu kabi ishlarni yangi bosqichga olib chiqadi.
Jamiyat axborot xizmatining ma’lum qilishicha, bugungi kunda magistral gaz quvurlari tarmog‘ida 8 ming nafardan ziyod ishchi-xodim mehnat qiladi. Ularning 10 foizdan ortig‘i xotin-qizlardir.
Uchrashuvda hamkorlik memorandumi mas’ullar Ozoda Parpiboyeva va Asqar Isoqov tomonidan imzolandi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA