Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“O‘ztransgaz” AJ: Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari tizimli amalga oshirilmoqda
17:41 / 2023-07-18

“O‘ztransgaz” aksiyadorlik jamiyatida o‘tkazilgan anjuman kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik tadbirlari doirasida amalga oshirilgan ishlarga bag‘ishlandi.

Unda “O‘ztransgaz” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisining o‘rinbosari Xayriddin Hamidov va boshqalar Prezidentimizning 2022 yil 15 iyundagi “Tabiiy gaz bozorini isloh qilishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi va kuz-qish mavsumiga taraddud natijalariga urg‘u berdi.  

Qayd etilganidek, “O‘ztransgaz” AJ faoliyati tabiiy gazni tashish, saqlash va tranzit qilishga ixtisoslashgan yagona magistral gaz uzatish tizimi operatori sifatida gaz transport tizimining ishonchli va xavfsiz ishlashini ta’minlashga qaratilgan.  

“O‘ztransgaz” AJ Magistral gaz quvurlarini ekspluatatsiya qilish departamenti boshlig‘i Javlon Yusupovning ma’lumot berishicha, joriy yilning 28 aprelida “O‘ztransgaz” AJ boshqaruvi raisining “2023/24-yillar kuz-qish davrida magistral gaz quvurlari va inshootlaridan samarali hamda ishonchli foydalanishga tayyorlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi buyrug‘i qabul qilindi. Buyruq bilan yo‘nalishlar bo‘yicha 14 banddan iborat Chora-tadbirlar rejasi tasdiqlanib, shu asosda ishlar olib borilmoqda.    

– O‘tgan yarim yillikda qariyb 83 kilometr yangi magistral gaz quvurlari qurildi. Jumladan, respublika iste’molchilarining aksariyatini tashkil etuvchi Farg‘ona vodiysini tabiiy gaz bilan ta’minlashda muhim tarmoq sanalgan “Farg‘ona-Rishton” MGQ ning 39 kilometr uzunlikdagi 2-tarmog‘i, shuningdek, gaz transport tizimining modernizatsiya dasturi bo‘yicha 38 kilometr, Sirdaryo viloyatida qurilayotgan quvvati 1500 MVtga teng issiqlik elektr stansiyasini tabiiy gaz bilan ta’minlash uchun 3,4 kilometr magistral gaz quvuri, “Yangi Andijon” GTS hamda unga keltiruvchi 2,2 kilometr gaz quvuri qurildi.    

Joriy yil so‘ngiga qadar 117 kilometr magistral gaz quvurlarini qurish hamda 47 kilometr kapital ta’mirlash ishlarini bajarish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, shu yilning 1 oktyabridan shimoldan respublika hududiga import bo‘ladigan tabiiy gaz hajmini o‘lchash maqsadida “Xiva-Beyneu” magistral gaz quvurining 307-kilometrida gaz o‘lchov stansiyasi qurish rejalashtirilgan. Shu kunlarda loyihalashtirish ishlari amalga oshirilmoqda, –dedi J.Yusupov.  

Shuningdek, tadbirda “O‘ztransgaz” AJ tomonidan gaz transport tizimining ishonchli va xavfsiz ishlashini ta’minlash maqsadida o‘tgan davrda magistral gaz quvurlarini tekshirish va diagnostika natijasida aniqlangan 16,4 kilometr nuqsonli qismlar almashtirilgani xususida so‘z yuritildi.  

[gallery-12813]

– 2023 yil 10 iyul holatiga gaz taqsimlash stansiyalari 426 ta, tarmoqlar soni 1 ming 137 tani tashkil etadi, – dedi “O‘ztransgaz” AJ Kompressor stansiyalarini ekspluatatsiya qilish departamenti bo‘lim boshlig‘i Foziljon Mahmudov. – Kuz-qish mavsumiga tayyorlash rejasiga asosan stansiyalarda chiqish quvurlari izolyatsiyasi, tozalash filtrini tekshirish, odorantlash blokini taftish qilish kabi tadbirlar bajarildi. “O‘ztransgaz” AJ tarkibida 22 ta kompressor stansiyasi bo‘lib, ularda 43 ta kompressor sexi va 232 ta gaz haydash agregati mavjud. 12 ta agregat mukammal, 16 tasi o‘rta va 22 tasi joriy ta’mirlandi. 2023 yilda gaz haydash agregatlarini optimal rejimda ishlatish natijasida 26 milliard so‘m iqtisod qilindi.  

Matbuot anjumanida jamiyatning tarkibiy tizimidagi 2 ta gazni yer ostida saqlash inshooti va bu yerda amalga oshirilayotgan ishlar ham sarhisob qilindi.    

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA