English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“O‘ZTRANSGAZ” AJ: 28 ta noqonuniy qurilma xavfsiz hududlarga ko‘chirildi
16:47 / 2021-08-23

“O‘ztransgaz” aksiyadorlik jamiyatining aholi va iste’molchilarni tabiiy gaz bilan ta’minlashda munosib hissasi bor.

bugungi kunda ushbu jamiyat tasarrufida 13  ming 200 kilometrga yaqin turli o‘lchamdagi magistral gaz quvurlari mavjud bo‘lib, ular mutaxassislarning doimiy nazoratida va tartib bo‘yicha joriy ta’mirdan o‘tkaziladi.

O‘z navbatida, jamiyat tomonidan ayrim magistral gaz quvurlari o‘tgan hududlarda noqonuniy  ob’ektlar bo‘yicha bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

O‘zA muxbirining "O‘ztransgaz” AJ texnik siyosat bo‘limi boshlig‘i Abdulahad ISOQJONOV bilan suhbati magistral gaz quvurlari o‘tgan hududlarni himoya qilish tartib-tamoyillari va mazkur hududlarda qurilgan noqonuniy ob’ektlar yuzasidan ko‘rilayotgan choralar xususida bo‘ldi.

– "O‘ztransgaz” AJ mamlakatimizning barcha viloyatlari hududidan o‘tgan 13  ming 200 kilometrga yaqin yuqori bosimli magistral gaz quvurlari orqali tabiiy gazni transportirovka qiladi, – dedi  A.Isoqjonov. – Jamiyatga qarashli magistral gaz quvurlari o‘tgan hududlarda quvurlar hajmidan kelib chiqqan holda, har ikki tomondan muhofaza maydoniga ega. Bunday joylarda uy-joy, imorat qurish va boshqa maqsadlarda foydalanish man etiladi.

Yaqinda jamiyat tomonidan “Magistral gaz quvurlarining himoya maydonida qurilgan noqonuniy ob’ektlarga nisbatan ko‘rilayotgan choralar” mavzuidagi matbuot anjumanida ushbu masalada amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berdik. Albatta, bunday choralarning ko‘rilishi aholi xavfsizligini ta’minlashda juda muhim hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Yer kodeksining 69-moddasiga asosan magistral gaz quvurlari atrofida himoya maydonlari, shuningdek, quvurlar yotqizilgan hududda aholi punktlari, sanoat va qishloq xo‘jaligi korxonalari, imoratlar qurilishi qoidalariga ko‘ra, magistral quvurlarni loyihalashtirishning qurilish normalari va qoidalari bo‘yicha gaz quvuridan bino va inshootgacha bo‘lgan eng kam xavfsiz masofa o‘rnatilgan bo‘lib, muhofaza hududi 25 metrdan 50 metrgacha va eng kam xavfsiz masofa quvur diametriga qarab 100 metrdan 350 metrgachani tashkil etadi.

– Himoya maydonlari tartibi qay tarzda belgilanadi?

– Himoya maydonlari o‘rnatilishidan maqsad magistral gaz quvurlariga shikast yetkazmaslik bo‘lib, quvur o‘qining har ikkala tomonidan qishloq ho‘jaligi joylarida 25 metr, cho‘l va tog‘li hududlarda 50 metr etib belgilangan. Eng kam xavfsiz masofa esa magistral gaz quvurida avariya yoki boshqa texnogen vaziyatlar sodir bo‘lganida inson hayoti va mol-mulkiga ziyon yetkazmaslik uchun belgilangan hudud xisoblanadi. Bunda quvur diametridan kelib chiqqan holda, quvur o‘qining har ikkala tomoniga 100 metrdan 350 metrgacha masofani tashkil etadi.

Bu me’yor va qoidalarga asosan gaz quvuridan bino va inshootlargacha bo‘lgan eng kam masofaga qat’iy rioya qilgan holda amalga oshirilishi lozim. Ushbu talablarga qaramay, magistral gaz quvurining himoya hududlari va eng kam xavfsiz masofa hududlarida binolar qurilganligi barchamizni tashvishga soladi.

– Magistral gaz quvurlari hududida noqonuniy ob’ektlar qurilgani haqida to‘xtalib o‘tdingiz. Bu muammolar yechimi qanday hal etilmoqda?

– bugungi kunda “O‘ztransgaz” AJ tasarrufidagi magistral gaz quvurlarining himoya maydoni va eng kam xavfsiz masofa hududida jami 2 ming 413 ta qurilma mavjud. Ko‘rilayotgan choralarga to‘xtalsak, ushbu noqonuniy ob’ektlarni xavfsiz hududlarga ko‘chirish maqsadida “O‘ztransgaz” AJ tomonidan magistral gaz quvurlarining himoya mintaqasida noqonuniy qurilishlar ko‘payishining oldini olish maqsadida tuman yer resurslari kadastri va davlat kadastri bo‘limi navbatchi xaritalariga magistral gaz quvurlarining aniq joylashgan joyi belgilab berildi va ikki tomonlama dalolatnomalar tuzildi.

Magistral gaz quvurlarning minimal xavfsiz hududi mintaqasida qurilgan  qurilmadan 1 ming 553 ta noqonuniy qurilma bo‘yicha hujjatlar to‘planib, tumanlararo fuqarolik sudlariga topshirildi va 784 tasi bo‘yicha sud qarorlari chiqarildi, qolgan 860 tasi bo‘yicha hujjatlar to‘planmoqda.

Tumanlararo fuqarolik sudlari tomonidan chiqarilgan qarorlar ijrosini ta’minlash va muhofaza hududidan qurilmalarni olib chiqish bo‘yicha barcha tuman va viloyat sud ijro departamentlariga, tuman hokimliklariga, favqulodda vaziyatlar bo‘limlariga murojaat xatlari berib borilmoqda.

“O‘ztransgaz” AJ tarkibiy tuzilmalari tomonidan noqonuniy qurilmalar qurilishining oldini olish maqsadida noqonuniy qurilmalar bo‘yicha respublikamizning turli OAVda 500 ga yaqin targ‘ibot materiallari e’lon qilindi.

Favqulodda vaziyat sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan holatlarning oldini olish maqsadida yer egalariga yiliga ikki marotaba ogohlantirish xatlari tarqatilishi yo‘lga qo‘yilgan.

Shuningdek, favqulodda vaziyat sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan holatlarning oldini olish maqsadida matbuot va mahalliy OAV orqali “Magistral gaz quvuri muhofaza maydoni xavfsizligi” haqidagi ijtimoiy rolik efirga uzatilmoqda. Fuqarolik sudlariga da’vo arizalari bilan murojaat qilinib, muhofaza maydonida istiqomat qiluvchi fuqarolarni boshqa yerga ko‘chirish va muhofaza maydoni hududidagi qurilmalarni buzish haqida sud tomonidan hal qiluv qarorlari chiqarilib, ijro varaqalari sud ijrochilar departamentlariga yetkazilmoqda. Bunday sa’y-harakatlar natijasida 28 ta noqonuniy qurilmani xavfsiz hududlarga ko‘chirishga erishildi va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan baxtsiz hodisalarning oldi olindi.

O‘zA muxbiri Nasiba ZIYODULLAEVA suhbatlashdi.