Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“O‘zsuvta’minot”AJ: sohadagi muammolar nazoratda
11:22 / 2023-05-04

So‘nggi yillarda respublikamizda ichimlik suvi ta’minoti sezilarli darajada yaxshilandi. Uning uzluksiz yetkazilishida “O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati tomonidan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Chekka hududlar, hattoki, tog‘li tumanlarga ham obi hayotni yetkazib berish doimo nazoratda.

Aholi orasida to‘lov madaniyatini shakllantirish, ichimlik suvidan oqilona foydalanish, har bir tomchisini asrash borasida ham jamiyat tomonidan turli targ‘ibot va tashviqot tadbirlari olib borilmoqda. Shunga qaramay bunday holatlar ko‘plab uchrab turibdi.  

Ichimlik suvining uzluksiz yetkazilishi, ko‘rsatilayotgan xizmat sifatini yanada yaxshilash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Qonunchilikda esa iste’molchilarning ichimlik suvi ta’minoti va suv chiqarish xizmati uchun har oyning 10-sanasiga qadar 100 foiz oldindan haq to‘lashni amalga oshirish lozimligi belgilab qo‘yilgan.  

“O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati va uning hududiy suv ta’minoti korxonalari tomonidan iste’molchilar orasida to‘lov intizomini yaxshilashga qaratilgan keng ko‘lamli targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilayotganiga qaramay, respublikada iste’molchilarning debitor qarzdorligi tobora oshib bormoqda va bugungi kunda 1,36 trillion so‘mni tashkil etmoqda. Shundan jismoniy iste’molchilarning qarzdorligi 1,13 trillion so‘mni tashkil etsa, 218 milliard so‘mlik qarzdorlik yuridik iste’molchilarning hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Qarzdorlik miqdori eng yuqori bo‘lgan hududlar Toshkent shahri 252 milliard so‘m, Andijon viloyati 153 milliard so‘m, Toshkent viloyati 145 milliard so‘mni tashkil qilmoqda.  

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “O‘zsuvta’minot” AJ axborot xizmati rahbari Akmal Murodov ishtirokida o‘tkazilgan brifingda shular haqida ma’lumot berildi.  

Qayd etilishicha, iste’molchilarning qarzdorligi bilan bir qatorda sohadagi eng og‘riqli muammolardan biri ichimlik va oqova suv tizimlaridan o‘zboshimchalik bilan foydalanish, ya’ni noqonuniy ulanish holatlari bo‘lmoqda. Ushbu holatlarning oldini olish maqsadida tegishli idoralar bilan hamkorlikda joylarda muntazam ravishda reyd tadbirlari o‘tkazilib kelinmoqda. Xususan, o‘tgan 2022 yil hisobida “O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati va uning hududiy suv ta’minoti korxonalari tomonidan ichimlik va oqova suv tizimlariga jami 2240 ta noqonuniy ulanish holatlari aniqlangan bo‘lib mazkur qonun buzarliklar natijasida jami 41,5 milliard so‘mlik zarar yetkazilgan. Bunda eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent viloyatida 572 ta, Xorazm viloyatida 940 ta, Samarqand viloyatida 344 tani tashkil etmoqda.

Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida esa ichimlik va oqova suv tarmoqlariga 407 ta o‘zboshimchalik bilan ulanish holatlari aniqlangan bo‘lib, uning natijasida jami 3,9 milliard so‘mlik zarar yetkazilgan. Ta’kidlanishicha, bunday holatlar respublikaning barcha hududlari qatori Qashqadaryo viloyatida ham ko‘plab uchramoqda. Jumladan, “Oqsuv-Dexqonobod” magistral suv quvuriga noqonuniy ulanishlarni aniqlash va bartaraf etish, suv yo‘qotishini oldini olish hamda ishlab chiqarish quvvatini oshirish yuzasidan reyd tadbirlari o‘tkazilgan. Unda magistral quvurdan o‘tayotgan suv hajmi o‘lchanib, mazkur oraliqda sutkasiga 31 foiz suv yo‘qotilayotganligi aniqlangan. Tadbir davomida quvurga aholining kovrak sug‘orish uchun o‘zboshimchalik bilan ulanganligi, ayrim hududlarda mahalliy cho‘ponlar tomonidan tarmoq zulfinlari hamda vantuzlarga zarar yetkazilib, suv soy yo‘liga oqizib qo‘yilganligi aniqlangan.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan tuzilgan dalolatnomalar asosida huquq tartibot organlari tomonidan ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 15 iyuldagi 194-sonli qarorida suv quvuriga o‘zboshimchalik bilan ulangan iste’molchilar qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda javobgarlikka tortilishi belgilangan. Qonunchiligimizga kiritilgan o‘zgarishlarga ko‘ra energiya resurslari, jumladan, ichimlik va oqova suv tarmoqlariga foyda olish maqsadida noqonuniy ulanish jinoyat deb qaralmoqda. Mazkur holatlarning oldini olish va kelgusida takrorlanishini cheklash va butunlay barham berish maqsadida yo‘l xaritasi ishlab chiqilgan.

 

Nilufar Bozorova,O‘zA