Suv ta’minoti va oqova suv xizmatlari sohasini takomillashtirish, infratuzilmani rivojlantirish hamda aholiga yuqori sifatli xizmat ko‘rsatish masalasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Mazkur sohada tizimli islohotlarni amalga oshirish bilan birga qonunbuzarliklarning oldini olish yuzasidan ham samarali ishlar olib borilmoqda.
Milliy matbuot markazida “O‘zsuvta’minot” AJ tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumanida ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar, ko‘rilayotgan choralar va erishilayotgan natijalar yuzasidan axborot berildi.
Anjumanda ta’kidlanishicha, joriy yil boshidan buyon nazorat organlari bilan hamkorlikda respublika bo‘yicha 3 899 ta noqonuniy ulanish holati aniqlangan. Eng ko‘p holatlar Sirdaryo viloyati (433 ta), Toshkent shahri (410 ta), Qoraqalpog‘iston Respublikasi (408 ta) va Xorazm viloyati (343 ta)da qayd etilgan. Bu holatlar tufayli “O‘zsuvta’minot” AJga 76,2 milliard so‘mdan ortiq zarar yetkazilgan, shundan 29,9 milliard so‘mlik qismi qoplangan.
Qonunchilikka muvofiq, ichimlik suvi va oqova suv tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulanish jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi. Aniqlangan holatlar bo‘yicha belgilangan tartibda choralar ko‘rilmoqda.
[gallery-25330]
Shu bilan birga, qarzdorlikni qisqartirish va to‘lov intizomini mustahkamlashga ham katta e’tibor qaratilmoqda. Joriy yilda 103,3 ming nafar qarzdor iste’molchi bo‘yicha 332,2 milliard so‘mlik da’vo arizalari sudlarga yuborilgan. Hisobot davrida 53,5 mingdan ortiq iste’molchi qarz sababli suv ta’minotidan uzilgan. Eng ko‘p holat Toshkent shahrida kuzatilgan.
– Olib borilgan chora-tadbirlar natijasida iste’molchilarning debitor qarzdorligi joriy yil boshiga nisbatan 146,4 milliard so‘mga, ya’ni 14 foizga kamayib, 762,4 milliard so‘mni tashkil etdi, – deydi “O‘zsuvta’minot” AJ boshqaruv raisi o‘rinbosari Xurshid Rahmatullayev. – O‘tgan yilning mos davri bilan solishtirilganda esa qarzdorlik 281,4 milliard so‘mga yoki 27 foizga kamaygan. Jamiyatimiz tomonidan aholi o‘rtasida to‘lov intizomini yaxshilash, qonunbuzarliklarning oldini olish hamda zamonaviy to‘lov vositalaridan foydalanishni kengaytirish bo‘yicha keng qamrovli targ‘ibot ishlari ham olib borilmoqda.
Shuningdek, tadbirda “O‘zsuvta’minot” AJ tomonidan 2025 yil oxiriga qadar amalga oshirilishi rejalashtirilgan ustuvor vazifalar haqida ham ma’lumot berildi. Ushbu choralar aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini barqaror ichimlik suvi hamda oqova suv xizmatlari bilan ta’minlashga qaratilgani ta’kidlandi.
Anjuman yakunida jamiyat mutaxassislari ommaviy axborot vositalari vakillari bergan savollarga javob qaytardi.
Nilufar Bozorova, O‘zA