“O‘zsuvta’minot” AJ boshqaruvi ishchi guruhining Ispaniya hamda Portugaliya davlatlariga o‘quv safari amalga oshirildi.
Mazkur tashrif davomida Osiyo taraqqiyot banki, Ispaniya tashqi savdo instituti (ICEX) hamda Portugaliya savdo va investitsiya agentligi (AICEP) tomonidan tashkil etilgan o‘quv haftaligida O‘zbekiston delegatsiyasi faol ishtirok etdi.

O‘quv safari doirasida Madridda bo‘lib o‘tgan biznes-forumda “O‘zsuvta’minot” AJ tomonidan amalga oshirilayotgan “Iqlim texnologiyalari orqali suv resurslarini boshqarishni rivojlantirish” loyihasi bo‘yicha taqdimot o‘tkazilib, raqamlashtirish sohasida faoliyat yurituvchi “BGEO”, “Aganova”, “Idrica”, “Hidroconta” kabi yirik kompaniyalar bilan aloqalar o‘rnatildi.

Biznes-forum doirasida Ispaniyaning “Almar Water Solutions” kompaniyasi bilan “Samarqand viloyati Shirin massivida oqova suv inshootini qurish” loyihasining texnik-iqtisodiy asosini ishlab chiqish yuzasidan kelishuv bitimi imzolandi.

Shuningdek, tashrif doirasida Ispaniyaning Valensiya shahrida joylashgan “EMIVASA” suv ta’minoti kompaniyasida ichimlik suvi ta’minotini aqlli boshqarish tizimi bilan tanishildi va kompaniyada joriy etilgan raqamli texnologiyani O‘zbekistonda tadbiq etish masalalari muhokama qilindi.
Nilufar Bozorova, O‘zA