Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“O‘zsuvta’minot”AJ: hududiy magistral suv ta’minoti tashkilotlari tashkil etilmoqda
14:03 / 2024-06-10

Qaror va ijro

Respublika iste’molchilarini toza va sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlash hamda oqova suv xizmatlarini yaxshilash borasida davlatimiz rahbari tashabbusi bilan keng ko‘lamli ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda.

Prezidentimizning 2023 yil 24 oktyabrdagi “Ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, sohada izchil choralarni yanada jadallashtirish, ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv xizmatlari qamrovini oshirish, sohaning transformatsiya jarayoni hamda korxonalarning moliyaviy-iqtisodiy ahvolini yanada mustahkamlash bugunning dolzarb vazifalari etib belgilangan.  

Qarorga ko‘ra, “O‘zsuvta’minot”AJ va uning tarkibidagi korxonalar negizida alohida yo‘nalishlar bo‘yicha aksiyadorlik jamiyatlari hamda hududiy magistral suv ta’minoti tashkilotlari tashkil etildi. Shuningdek, tashkil etilayotgan aksiyadorlik jamiyatlarining aksiyadori etib xolding sifatida “O‘zsuvta’minot” AJ belgilandi.

Mazkur me’yoriy hujjatda Navoiy viloyati “Issiqlik manbai” davlat unitar korxonasining iste’molchilarga ichimlik suvi yetkazib berish va oqova suv chiqarish xizmatlari ko‘rsatish tizimlari “Navoiy suv ta’minoti” AJga o‘tkazilishi belgilangan. Unga ko‘ra, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi hamda “O‘zsuvta’minot”AJning qo‘shma qarori imzolangan. Mazkur qarorga asosan, Navoiy viloyati “Issiqlik manbai” DUKning ichimlik va oqova suv tizimi ob’ektlarini “Navoiy suv ta’minoti” AJga o‘tkazish ishlari yakunlanmoqda.

Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “O‘zsuvta’minot” AJ axborot xizmati rahbari Akmal Murodov ishtirokida o‘tkazilgan rasmiy bayonotda batafsil ma’lumot berildi.  

Ta’kidlanishicha, yuqoridagi me’yoriy hujjatga ko‘ra, 2024 yilning 10 iyunidan boshlab mazkur xizmatlar “Navoiy suv ta’minoti” AJ tomonidan ko‘rsatilishi ko‘zda tutilgan. Shu sababli iste’molchilar bilan ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv chiqarish xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha “Issiqlik manbai” DUK bilan tuzilgan shartnoma 2024 yil 10 iyun kunidan bekor qilinadi.

O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi 377-moddasiga asosan iste’molchilar kelgusida "Navoiy suv ta’minoti” AJ bilan shartnoma rasmiylashtirgan holda ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv chiqarish xizmatlaridan  foydalanishi mumkin bo‘lib, bunda shartnoma rasmiylashtirilishi kafolatlanadi (qonunchilik bilan taqiqlanmagan holatlardan tashqari).  

Iste’molchilar ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv chiqarish xizmatlaridan foydalanish bo‘yicha barcha zaruriy ma’lumotlarni olish uchun bundan keyin “Navoiy suv ta’minoti” AJga murojaat etadi. Shartnoma rasmiylashtirilmaganda, ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv chiqarish xizmatlari ko‘rsatilishi to‘xtatilishi mumkin.

Nilufar Bozorova, O‘zA muxbiri