English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“O‘zsuvta’minot” AJ Yevroosiyo iqtisodiy forumida strategik hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi
19:19 / 2025-09-27

2025 yil 23 sentyabr kuni Xitoyning qadimiy Sian shahrida “Yevroosiyo iqtisodiy forumi – 2025” bo‘lib o‘tdi. Ushbu nufuzli xalqaro tadbir joriy yilda 20 yilligi nishonlanishi va Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasida “Barqaror rivojlanish yili” sifatida o‘tkazilayotgani bilan alohida ahamiyat kasb etdi.

23-25 sentyabr kunlari “Yevroosiyoning yangi dinamik kuchlarini birlashtirib, barqaror rivojlanishning yangi manzarasini yaratamiz” shiori ostida tashkil etilgan forumda Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston, O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Moldova va Gruziya kabi 12 mamlakatdan kelgan delegatsiyalar, jumladan, yoshlar tashkilotlari yetakchilari ishtirok etdi.

Forum doirasida mamlakatlar yoshlari o‘rtasida muloqotlar tashkil etilib, raqamli iqtisodiyot, innovatsiyalar va barqaror rivojlanish mavzulari bo‘yicha fikr almashildi.  

O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida “O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati ham forumda faol ishtirok etdi. Jamiyat vakillari xalqaro muhokamalarda qatnashib, suv ta’minoti tizimidagi innovatsion yechimlar, ilmiy-texnikaviy hamkorlik va xalqaro tajriba almashuvi yuzasidan fikr almashdi.  

E’tiborlisi, forum doirasida “O‘zsuvta’minot” AJ, Xalqaro ilmiy-texnikaviy almashinuv assotsiatsiyasi hamda Xitoy-Qozog‘iston sut mahsulotlari loyihasi tashabbuskorlari o‘rtasida strategik hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolandi.  

Ushbu kelishuv suv resurslarini boshqarish sohasida hamkorlikni kuchaytirish, ilmiy-texnikaviy tajriba almashish, ilg‘or texnologiyalarni O‘zbekistonda joriy etish yo‘nalishlarida hamkorlikni amalga oshiradi.  

Forum doirasida yana bir muhim tashabbus – “Yevroosiyo yoshlar xizmati” platformasi taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi. Ushbu loyiha yoshlar o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlash, innovatsion hamkorlikni rivojlantirish va raqamli madaniy aloqalarni kengaytirishga xizmat qiladi.

– “Yevroosiyo iqtisodiy forumi”da ishtirok etish “O‘zsuvta’minot” AJ uchun xalqaro tajriba almashish va ilg‘or yechimlar bilan tanishishda muhim maydon bo‘ldi, – deydi “O‘zsuvta’minot” AJ bo‘lim boshlig‘i Berdimurod Tursunov. – Xususan, suv resurslarini samarali boshqarish, zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish, raqamli kuzatuv va avtomatlashtirilgan tizimlar bo‘yicha xalqaro tajribalarni o‘rganish imkoniga ega bo‘ldik. Shuningdek, Xitoy va Qozog‘istondan tashabbus ko‘rsatilgan qo‘shma loyihalar kelgusida O‘zbekistonda suv ta’minoti sifatini oshirishga xizmat qiladi. Forum doirasida imzolangan memorandum esa strategik hamkorlikda yangi bosqichni boshlab beradi.

Nilufar Bozorova, O‘zA