Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“O‘zsuvta’minot” AJ va xalqaro moliya institutlari tomonidan 20 ta investitsion loyiha amalga oshirilmoqda
18:06 / 2022-09-08

bugungi kunda “O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati tomonidan xalqaro moliya institutlari bilan birgalikda 20 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda.

Ushbu loyihalar Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki, Islom taraqqiyot banki hamda Saudiya taraqqiyot va OPEK jamg‘armalarining jami 1 milliard 861 million dollar qarz mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilishi ko‘zda tutilgan.

Bu haqda AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda "O‘zsuvta’minot" AJ boshqarma boshlig‘i Davron Munavvarov ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, joriy yilning yanvar-avgust oylarida 148 million dollar o‘zlashtirilishi hisobiga jami 187 km. ichimlik va 47 km. oqova suv tarmog‘i tortildi.

Jami 41 ta ob’ektda qurilish ishlari olib borilib, 1 ta ichimlik suv tozalash inshooti, 2 ta suv taqsimlash inshooti, 3 ta suv quduqlari qurildi hamda 5 ta suv quduqlari rekonstruksiya qilindi.

Jumladan, Toshkent viloyatida kunlik quvvati 100 ming kub metr bo‘lgan “Qodiriya-selskaya” suv tozalash inshootida qurilish ishlari yakunlandi. Mazkur inshoot Toshkent viloyatidagi eng katta suv tozalash inshooti hisoblanib, Qibray, Toshkent va Zangiota tumanlariga toza ichimlik suvini yetkazib beradi. Natijada, 300 mingdan ziyod aholining ichimlik suv ta’minoti yaxshilanadi.

Shuningdek, yil yakuniga qadar Jizzax, Guliston, Shirin, Yangiyer va Buxoro shaharlarida umumiy quvvati 171 ming kub metr bo‘lgan 5 ta oqova suv tozalash inshootlari ishga tushirilishi ko‘zda tutilgan.

Ayni paytda ichimlik suv ta’minoti og‘ir bo‘lgan Qashqadaryo, Surxondaryo, Buxoro, Xorazm viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi muammolarni yechishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Bu borada xalqaro moliya institutlarining imtiyozli kredit mablag‘lari hisobidan qiymati 2 milliard 150 million dollarga teng bo‘lgan 24 ta yangi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish ustida ish olib borilmoqda.

bugungi kunda ushbu loyihalarning loyiha oldi va loyiha hujjatlarini ishlab chiqish, ularni kelishish va tasdiqlash jarayonlari ketmoqda.

M.Qosimova, O‘zA