“O‘zsuvta’minot” AJ va uning tizim tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish, korrupsiyaviy holatlarni keltirib chiqaruvchi omillarni barvaqt aniqlash va bartaraf etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu boradagi ishlar samaradorligini oshirishda tashkilotning korrupsiyaga qarshi kurashish komplayens nazorat boshqarmasi faoliyati muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Jumladan, tashkilotda “Jamiyatning yashirin iqtisodiyot va korrupsiyaga qarshi kurashish hamda uning oldini olish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”, “Jamiyatning korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati”, “Manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish bo‘yicha nizom” kabi korrupsiyaga qarshi kurashish sohasini tartibga soluvchi 16 ta ichki normativ hujjatlar ishlab chiqilgan va tasdiqlangan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “O‘zsuvta’minot” AJ axborot xizmati rahbari Akmal Murodov ishtirokida o‘tkazilgan brifingda shular haqida ma’lumot berildi.
Qayd etilishicha, jamiyatga xodimlarning ishga qabul qilish jarayonini ochiq tanlov asosida amalga oshirish hamda tanlov doirasida o‘tkaziladigan sinov tadbirlarini internet tarmog‘i orqali real vaqt rejimida kuzatishni nazarda tutuvchi tartib joriy etilgan. 2022 yilda “O‘zsuvta’minot” AJ hamda uning tizim tashkilotlarida jami 68 ta manfaatlar to‘qnashuvi holatlari aniqlanib, ulardan 44 tasi bartaraf etilgan, qolganlari joylardagi “Odob axloq” komissiyalariga ko‘rib chiqish uchun yuborilgan. Shuningdek, tashkilotning aloqa kanallari orqali xodimlarning korrupsiyaviy xatti-harakatlari, manfaatlar to‘qnashuvi va boshqa korrupsiyaviy qonunbuzarliklar bilan bog‘liq masalalar to‘g‘risida jami 893 ta murojaat kelib tushgan. Ularning barchasi qonun doirasida hal etilgan.
Hisobot davrida jamiyatning korrupsiyaga qarshi kurashish komplayens nazorat boshqarmasi hamda uning hududiy bo‘limlari inspektorlari tomonidan 393 ta monitoring va nazorat tadbirlari o‘tkazilgan. 45,7 milliard so‘mlik xato hamda kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi aniqlangan. Aniqlangan kamomad va o‘zlashtirishlar bo‘yicha jami 6,3 milliard so‘m miqdoridagi mablag‘ va tovar-moddiy boyliklar jamiyat hamda uning hududiy korxonalarining hisob-raqamlariga undirilgan. 25,4 milliard so‘mlik kamomad, o‘zlashtirish va talon-taroj holatlari bo‘yicha jami 117 ta hujjat qonuniy chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan. bugungi kunda “O‘zsuvta’minot” AJ hamda uning tizim tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish ichki nazorat tuzilmalarida mehnat qilayotgan jami 23 nafar xodimning malakasini oshirish maqsadida ular uchun muntazam ravishda maxsus o‘quv seminar-treninglar tashkil etib kelinmoqda.
Korrupsiyaviy xatti-harakatlarning oldini olish maqsadida hisobot davrida komplayens-nazorat xizmati xodimlari tomonidan jamiyatning tizim tashkilotlari, mahallalar va ta’lim muassasalarida mavzuga oid 585 ta uchrashuv hamda davra suhbatlari o‘tkazildi. Ta’kidlash joiz, tashkilot tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilgan keng ko‘lamli ishlarning natijasi o‘laroq o‘tgan yilning fevral oyida “O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati "Korrupsiyaga qarshi kurashish menejment tizimi" mavjudligini tasdiqlovchi ISO 37001:2016 hamda "Sifat menejment tizimi" mavjudligini tasdiqlovchi ISO 9001:2015 xalqaro sertifikatlariga ega bo‘ldi.
Nilufar Bozorova,
O‘zA