O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 27 iyundagi “Ommaviy axborot vositalari mustaqilligini ta’minlash hamda davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari rahbarlarining malakasini oshirish kurslarini tashkil etish belgilangan.
Mazkur qaror ijrosi doirasida “O‘zsuvta’minot” AJ AOKA hamkorligida hududiy suv ta’minoti korxonalari axborot xizmati rahbar va xodimlari uchun uch kunlik o‘quv kurslarini tashkil etdi.
Ta’kidlash joiz, suv ta’minoti va oqova suv xizmatlari sohasida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni jamoatchilikka tezkor va ishonchli yetkazish axborot xizmatlari xodimlarining asosiy vazifalaridan biridir. Shu bois kurs davomida ishtirokchilarga zamonaviy media yondashuvlar, samarali kommunikatsiya usullari va inqirozli vaziyatlarda axborot siyosatini olib borish tamoyillari bo‘yicha bilim hamda ko‘nikmalar berildi.
Uch kunlik intensiv o‘quv dasturi davomida kamera bilan ishlash va intervyu berish mahorati, axborot xizmati faoliyatini baholash mezonlari, murakkab vaziyatlarda axborot xizmatining o‘rni va zamonaviy tendensiyalar, PR texnologiyalar va media bilan ishlash usullari, OAV bilan bog‘liq qonunchilik asoslari yo‘nalishlarida mutaxassislar treninglar o‘tkazdi.
Ishtirokchilarga amaliy media-tadqiqotlar, real ish jarayonidagi muammolar bo‘yicha spikerlarning o‘z tajribalaridan kelib chiqib keyslar va tahliliy topshiriqlar taqdim etildi.
Har bir tinglovchi tahlil qilish, muzokaralar olib borish va media bilan ishlash bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlarda ishtirok etdi.
[gallery-22033]
Shuningdek, “O‘zsuvta’minot” AJ axborot xizmati rahbari Akmal Murodov hamda AOKA mas’ul xodimi Doniyor Soliyevlar tizimdagi axborot siyosatini yanada takomillashtirish mexanizmlariga to‘xtalib o‘tdi.
Seminar davomida ishtirokchilar egallagan bilim va ko‘nikmalarini o‘z faoliyatlarida muntazam tatbiq etishini, sohaga yangicha yondashuvlar asosida tizimda ochiqlik va samaradorlikni ta’minlashini qayd etdi.
O‘quv kurslari yakunida ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.
Nilufar Bozorova, O‘zA