Milliy matbuot markazida “Suv hisoblagichlarni davriy qiyoslovdan o‘tkazishdagi muammo va yechimlar” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda “O‘zsuvta’minot” AJ va O‘zbekiston milliy metrologiya instituti mas’ul xodimlari, ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar ishtirok etdi.
So‘nggi yillarda ichimlik suvi iste’molchilariga xizmat ko‘rsatish sifatini yanada oshirish, ularga qo‘shimcha qulayliklar yaratish, shu jumladan, suv hisoblagichlarni davriy qiyoslashdan o‘tkazish tartibini soddalashtirish, bu borada yuzaga kelayotgan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha bir qator amaliy ishlar amalga oshirildi. Xususan, O‘zbekiston milliy metrologiya instituti tomonidan suv hisoblagichni qiyoslashdan o‘tkazish xizmati bo‘yicha ishlab chiqilgan metrologiya.nim.uz elektron internet dasturi orqali ta’minotchi korxonalar bilan idoralararo ma’lumot almashish yo‘lga qo‘yildi.
Mazkur dasturda hisoblagichlarni qiyoslash uchun onlayn arizalar, o‘lchash vositasining qiyoslash sertifikati yoki guvohnomasi va o‘lchash vositasi foydalanishga yaroqsizligi haqida xabarnomalar kabi hujjatlarning elektron shakli yaratilib, ularning bazasi tashkil etilgan. Natijada, elektron hujjatlar yaratish uchun ma’lumotlar bazasiga zarur ma’lumotlarni kiritish jarayoni 98 foizga avtomatlashtirildi. Ta’minotchi korxona vakili yoki onlayn murojaatchi tomonidan elektron hujjat nusxasida ko‘rsatilgan ma’lumotlarning to‘g‘riligini tekshirish uchun metrologiya.nim.uz saytiga kirib, yagona interaktiv davlat xizmatlarining ariza raqamini kiritish yoki mobil qurilmasi yordamida hujjatda ko‘rsatilgan QR-kodni skaner qilish orqali ma’lumot olish va chop etish imkoniyati yaratilgan.
[gallery-8894]
Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 21 avgustdagi 698-sonli qarori ijrosini ta’minlash bo‘yicha maishiy hisoblagichlarni qiyoslash laboratoriyasi tashkil etilgan. 2019 yil 1 noyabrdan 2022 yil 21 sentyabrgacha qiyoslashdan o‘tkazilgan suv hisoblagichlar soni 263 645 tani tashkil etmoqda. Matbuot anjumanida “aqlli” suv hisoblagichlarni o‘rnatish bo‘yicha amalga oshirilayotgan pilot loyihalar to‘g‘risida ham ma’lumot berildi.
– “Aqlli” suv hisoblagichlarning asosiy afzalligi shundaki u suv sarfining aniq hisobini yuritish imkonini beradi, – deydi “O‘zsuvta’minot” AJ bosh metrologi Farhod Vasiyev. – Hozirda bir qancha pilot loyihalari doirasida joylarda “aqlli” suv hisoblagichlar o‘rnatilmoqda. Masalan, Toshkent shahrining Mirobod tumanida 43 ta antenna va 610 ta suv hisoblagichlarni o‘rnatish hamda billing tizimiga ulash belgilangan bo‘lib, hozirgi kunda 18 ta uylarda jami 500 ta suv hisoblagichlari o‘rnatildi.
“O‘zsuvta’minot” AJ hamda Janubiy Koreya davlatining “K-water” tashkiloti bilan imzolangan memorandumga asosan Toshkent shahrining Mirobod tumani, Qo‘yliq 2, 3 va 4-mavzesida 7850 ta suv hisoblagichlari o‘rnatish hamda billing tizimiga ulash belgilangan bo‘lib, hozirgi kunda jami 1900 ta suv hisoblagichlar o‘rnatildi. Shu bilan birga, Toshkent shahrining Shayxontohur tumanidagi 40 ta xonadonga jami 41 dona zamonaviy suv hisoblagichlar o‘rnatilgan. bugungi kunda billing bazasidagi mavjud 4,3 milliondan ziyod abonentlarning 63 foizi suv hisoblagichlari bilan ta’minlangan.
Prezidentimizning joriy yil 24 maydagi “Aholining ichimlik suv ta’minoti va oqova suv xizmatlari bilan ta’minlanganlik darajasini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori ijrosi doirasida “O‘zsuvta’minot” AJ qoshida sovuq va issiq suvni hisobga olish uskunalarini (hisoblagichlarni) yechish, qiyoslashdan o‘tkazish hamda o‘rnatish bo‘yicha metrologiya xizmati va uning hududiy filiallari tashkil etilgan. Hozirda metrologiya xizmatini va uning hududiy filiallarini akkreditatsiyadan o‘tkazish jarayoni ketmoqda.
Tadbir yakunida jurnalistlarning savollariga soha mutaxassislari tomonidan batafsil javob berildi.
Nilufar Bozorova, Nosir Haydarov (surat) O‘zA