Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
«O‘zsanoatqurilishmateriallari» uyushmasi: I chorakda 109 million dollar miqdorida eksport amalga oshirildi
23:10 / 2022-04-29

Qaror va ijro

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida aholini sifatli uy-joy bilan ta’minlash, "Yangi O‘zbekiston" massivlarini barpo etish, “Yashil makon” umummilliy loyihasini puxta tayyorgarlik ko‘rgan holda boshlash masalasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida “Inson qadri uchun” tamoyili asosida kelgusi besh yildagi barcha islohotlar aholiga munosib turmush sharoiti yaratishga qaratilishi ta’kidlangan edi.

“Inson qadri uchun” tamoyili asosida ishlarni tashkil etish barcha sohalar qatorida «O‘zsanoatqurilishmateriallari» uyushmasiga qator vazifalarni yuklaydi.

«O‘zsanoatqurilishmateriallari» uyushmasi boshqarma boshlig‘i Bahrom ALLABERGENOV “Inson qadri uchun” tamoyili asosida 2022 yil I choragida «O‘zsanoatqurilishmateriallari» uyushmasi tomonidan amalga oshirilgan ishlar yuzasidan O‘zA muxbiriga intervyu berdi.

– «O‘zsanoatqurilishmateriallari» uyushmasi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar xalqimiz farovon hayotini ta’minlash va yurtimiz iqtisodiyotining salohiyatini oshirishga qaratilgan, – dedi B. Allabergenov. – 2022 yilning I choragida soha bo‘yicha tahlillarga kelsak, o‘tgan davrda jami 5,1 trillion so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan o‘sish 108 foizni tashkil etdi.

Shundan uyushma tarkibidagi yirik sanoat korxonalari tomonidan 1333,2 milliard so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarilib, o‘sish o‘tgan yilga nisbatan 114,6 foizni tashkil etgan bo‘lsa, uyushma tarkibidagi kichik biznes korxonalari tomonidan 707,4 milliard so‘mlik mahsulotlar tayyorlandi. Bunda o‘sish sur’ati 114,8 foizdir. Misol tariqasida keltirganda, 2,6 million tonna sement, 6,8 million kvadrat metr 2 mm o‘lchamda qurilish oynasi, 3 million kvadrat metr keramik plitka kabilar shular jumlasidandir.

[gallery-6871]

Joriy yilning o‘tgan I choragida 2,6 million tonna sement ishlab chiqarilgan bo‘lib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan o‘sish 90 foizni tashkil etgan. Ushbu davrda birja savdolarida sotilgan 1,4 million tonna sement iste’molchilarga yetkazib berilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 30 dekabrdagi qarori bilan tasdiqlangan Investitsiya dasturi doirasida asosan “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi bo‘yicha xorijiy investitsiyalar va kreditlar ishtirokida umumiy qiymati 495,7 million dollar bo‘lgan 21 ta loyiha bo‘yicha joriy yilda 172,7 million dollar o‘zlashtirish belgilangan. Joriy yilning yanvar-mart oylarida 21 ta investitsiya loyihalari bo‘yicha jami 275 million dollar investitsiyalar o‘zlashtirildi.

Bu davrda mahsulotlar eksporti ham reja asosida amalga oshirildi. Xususan, 109 million dollar miqdorida eksport amalga oshirilib, belgilangan reja 100,6 foizga bajarilganini alohida qayd etish lozim. Mahsulotlar Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Tojikistondan tashqari Afg‘oniston, Ozarbayjon, Turkiya, Rossiya, Ukraina, Xitoy davlatlariga eksport qilindi.

Shuningdek, Mahalliylashtirish dasturi doirasida qilingan ishlar 102 foizga bajarilishi ta’minlandi. Bunda import o‘rnini bosuvchi oboy, keramik plitka, keramik sanitar-texnika buyumlari, linoleum, bezakli oyna, beton kabi qurilish materiallari ishlab chiqarish to‘liq ta’minlangani yanada ahamiyatli.

«O‘zsanoatqurilishmateriallari» uyushmasi doimiy ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik qilib, bunda qurilish materiallari sanoati rivoji yo‘lidagi islohotlar ijrosini keng ommaga yetkazishga harakat qiladi. Uyushma matbuot xizmati tomonidan dastur asosida anjumanlar, uchrashuv va davra suhbatlari tashkil etilmoqda. Bu galgi, ya’ni bugun tashkil etilgan matbuot anjumani “Inson qadri uchun” tamoyili asosida uyushmaning 2022 yil I choragida amalga oshirilgan ishlari tahlil qilindi. Albatta, uyushma va uning tarkibidagi korxonalar oldida katta vazifalar turibdi. Maqsad esa har bir belgilangan rejalarni o‘z vaqtida bajarib, mamlakatimiz ravnaqi yo‘lida sifatli qurilish mahsulotlari ishlab chiqarishdir.

O‘zA muxbiri Nasiba ZIYODULLAEVA yozib oldi.