Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi 2025 yilda qanday natijalarga erishdi?
16:35 / 2026-01-23

“O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi boshqaruvi raisi Ilyos Rahimov bugun bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida sohada amalga oshirilayotgan islohotlar va erishilgan natijalar yuzasidan batafsil ma’lumot berdi:

– Keyingi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasini qurilish materiallari sohasida qayd etilayotgan barqaror o‘sish ko‘rsatkichlarida yaqqol ko‘rish mumkin. Xususan, 2025 yilda ishlab chiqarish hajmi 52,6 trillion so‘mni tashkil etdi. Eksport hajmi 1,2 milliard dollarga yetkazildi. Shuningdek, jami 2,4 milliard dollarlik investitsiyalar o‘zlashtirildi, shundan 1,6 milliard dollari to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni tashkil etib, o‘sish sur’ati 111,6 foizga yetdi. Umumiy investitsiyalar o‘sishi 109 foizni tashkil qildi.

Mahalliylashtirish dasturi doirasida 4,4 trillion so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarildi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 126,2 foiz o‘sishni anglatadi. Jumladan, 21,5 million tonna sement, 40 million kvadrat metr qurilish oynasi, 47 million kvadrat metr keramik plitka, 110 million kvadrat metr gipsokarton listlari, 336 ming tonna quruq qurilish aralashmalari hamda 830 ming dona sanitar-texnik buyumlar ishlab chiqarildi.

Sohada 2025-2026 yillarda umumiy qiymati 3,6 milliard dollar bo‘lgan 437 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan bo‘lib, ular doirasida 22,2 mingta ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan. 2025 yilning o‘zida qiymati 1,8 milliard dollar bo‘lgan 353 ta loyiha ishga tushirildi. Ushbu loyihalar doirasida 606,9 million dollar o‘z mablag‘lari, 217,5 million dollar bank kreditlari hamda 979,7 million dollar xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirildi. Natijada 15,2 mingta yangi ish o‘rni yaratildi. Bu ko‘rsatkich 2024 yilga nisbatan 163 foiz o‘sishni tashkil etdi.

Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida “Qoraqalpoq Basaltwool” MCHJ tomonidan qiymati 52,4 million dollar bo‘lgan, yillik quvvati 50 ming tonna bazalt mineralidan issiqlik saqlovchi materiallar ishlab chiqarish loyihasi ishga tushirildi. Ushbu korxonada 300 nafar ish o‘rni yaratilgan bo‘lib, u “O‘zsanoatqurilishbank” mijozi hisoblanadi. Shuningdek, Namangan viloyati Chust tumanida “Megaton” MCHJ tomonidan qiymati 40 million dollar bo‘lgan, yillik 500 ming metr kub avtoklav gazobeton bloklari ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirildi. Mazkur loyiha doirasida 140 nafar ish o‘rni yaratildi va u “Turonbank” mijozi hisoblanadi.

Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga muvofiq, “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi tomonidan 2025 yil investitsiya dasturi doirasida 20 ta loyiha bo‘yicha 196,4 million dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya va kreditlar o‘zlashtirildi. Bu 2024 yilga nisbatan 103 foiz o‘sishni tashkil etib, belgilangan 190,3 million dollarlik reja to‘liq bajarildi.

Eksport ko‘rsatkichlariga kelsak, 2025 yilda sohada 1,2 milliard dollarlik mahsulot eksport qilinib, belgilangan reja 100 foizga bajarildi. Ushbu ko‘rsatkich 2024 yilning mos davriga nisbatan 142 foizga oshdi. Eksport tarkibida alyumindan tayyorlangan qurilish materiallari 77,5 million dollar, keramika mahsulotlari 88,5 million dollar, toshdan yasalgan buyumlar, jumladan marmar va granit mahsulotlari 49 million dollar, oyna va undan tayyorlangan buyumlar 26,3 million dollarga oshdi.  

Davlatlar kesimida Rossiya Federatsiyasiga 251 million dollarlik metall buyumlar, keramika mahsulotlari, toshdan yasalgan buyumlar, PVX profil, truba va fitinglar eksport qilindi. Qozog‘istonga 207 million dollarlik, Qirg‘izistonga 180 million dollarlik, Tojikistonga 127 million dollarlik, Afg‘onistonga 32 million dollarlik, Ozarbayjonga 18 million dollarlik hamda AQSHga 8,9 million dollarlik mahsulotlar eksport qilindi.

Eksport hajmlarini yanada oshirish maqsadida Afg‘oniston, Tojikiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Pokiston va Qirg‘iziston davlatlarida savdo uylari, shourumlar hamda savdo omborlari tashkil etildi. Ularda mamlakatimizda ishlab chiqarilgan 50 dan ortiq turdagi yuqori qo‘shilgan qiymatli, eksportbop qurilish materiallari namunalari joylashtirildi. Sohada ichki va tashqi bozorlarda marketing tadqiqotlarini amalga oshirish maqsadida “Ernst & Young” xorijiy kompaniyasi jalb etildi.  

Kompaniyaning xalqaro ekspertizasi va amaliy tajribasidan foydalangan holda Shimoliy Amerika, Rossiya va Kavkaz, Yaqin Sharq, Shimoliy Afrika, Markaziy Osiyo hamda Yevropa bozorlari tahlil qilinib, yangi eksportbop bozorlarni diversifikatsiya qilish bo‘yicha istiqbolli yo‘nalishlar aniqlanmoqda. Shu asosda hududiy korxonalar bilan hamkorlikda tizimli ishlar tashkil etiladi.

Umuman olganda, 2025 yilda “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi faoliyati qurilish materiallari sohasida barqaror iqtisodiy o‘sish, ishlab chiqarish va eksport hajmlarining sezilarli oshishi hamda investitsiyaviy jozibadorlikni mustahkamlashda muhim o‘rin tutmoqda. Yangilangan ishlab chiqarish quvvatlari, mahalliylashtirish darajasining ortishi, yirik investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi va tashqi bozorlarda mahsulot turlarining kengayishi sohaning raqobatbardoshligini oshirib, sohani mamlakat iqtisodiyotining muhim drayverlaridan biriga aylantirdi.

Nasiba Ziyodullayeva, Oybek Pardayev (surat), O‘zA