Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zsanoatqurilishbank tizimida tadbirkorlarga xizmat ko‘rsatish yuksalmoqda
11:40 / 2023-02-15

O‘zsanoatqurilishbank tomonidan joriy yilgi ilk press-tur Samarqand viloyatiga tashkil etildi. U yerda jurnalistlar Bankning moliyaviy ko‘magida ishga tushirilgan korxonalar faoliyati hamda mazkur hududda muassasa mijozlariga yaratilgan qulayliklar bilan tanishtirildi.

Prezidentimiz tomonidan 2022 yil 20 dekabrda Oliy Majlis va xalqimizga yo‘llangan murojaatnomada joriy yilga mo‘ljallangan ustuvor yo‘nalishlar qatorida tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash alohida o‘rin olgan.

Bunda davlatimiz rahbari butun dunyodagi murakkab geosiyosiy vaziyatda qanchalik og‘ir bo‘lmasin, iqtisodiy islohotlarni qat’iy davom ettirib, eng avvalo, tadbirkorlik muhitini tobora yaxshilash bo‘yicha islohotlarni jadallashtirish zarurligini ta’kidlagan.

O‘zsanoatqurilishbank tizimida tadbirkorlik sub’ektlariga xizmat ko‘rsatish transformatsiya jarayonida tubdan o‘zgardi. Ularni alohida segmentlarga (mikro, kichik va o‘rta) ajratgan holda, universal menejerlar orqali mijozbay xizmat ko‘rsatish, bunda hujjatlarning ixchamlashtirilgani hamda bank mahsulot va xizmatlari qayta devirsifikatsiya qilingani katta samara bermoqda.

Bu samarqandlik tadbirkorlar tomonidan ham alohida qayd etilmoqda.

–  Korxonamiz tashkil etilganiga 15 yil to‘ldi, – deydi “Bogʻi baland beverage” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Bahodir Boqiyev. – O‘tgan davr mobaynida bank ko‘magida biznesda salmoqli natijalarga erishdik. Biroq, bugun bankdagi muhit mutloqo o‘zgacha. Ofislardagi sharoitlar, har bir mijozga alohida yondashuv, xizmatlar borasida imtiyozli paketlarning taklif etilishi biz, tadbirkorlarni boshqacha ruhlantirmoqda.

“Bogʻi baland beverage” ko‘ptarmoqli korxona. U yerdagi sexlarning birida yaxna ichimliklar, birida plastik idishlar, yana birida esa, kir yuvish mashinalari ishlab chiqariladi.

Press-tur davomida ommaviy axborot vositalari (OAV) xodimlari ularning har birida bo‘lib, ishlab chiqarish jarayonlarini kuzatishdi. Yarim avtomat kir yuvish mashinalari ishlab chiqaruvchi sexda Bank krediti hisobiga chetdan keltirilgan texnologik uskuna imkoniyatlari bilan tanishdi.

Hozirda mazkur sexda 30dan ziyod ishchi mehnat qilmoqda. Ular tomonidan xalqimizga yiliga 28 mingta mahsulot yetkazib berilmoqda.

Jurnalistlar uchun navbatdagi manzil “Urgut” erkin iqtisodiy zonada joylashgan alyumin radiatorlar ishlab chiqaruvchi“TESPACK INVESTMENT” mas’uliyati cheklangan jamiyati bo‘ldi.

Ta’kidlanishicha, bank bilan hamkorlikda tatbiq etilgan umumiy qiymati 841 272,0 dollarga teng mazkur loyiha korxonaning sanoat mahsulotlarini mahalliylashtirish dasturiga oid ikkinchi ishi hisoblanadi.

Korxonada 20 nafar yigit-qiz ish bilan band etilgan. Yiliga 350 ming donaga yaqin ishlab chiqarilayotgan mahsulotning bir qismi (2022 yilda bu ko‘rsatkich 80 ming dollardan ortgan) qo‘shni davlatlarga eksport qilinmoqda.

Press-tur ishtirokchilari bank kredit mablag‘lri hisobiga ketma-ket ikkita loyihani ishga tushirgan “BRADJUS” korxonasiga ham tashrif buyurdi.

U yerda mehmonlar dastlab “Mac Caldo” brendi ostidagi tez tayyor bo‘luvchi makaron mahsulotlarining ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishdi.

So‘ngra joriy yozgi mavsumda aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlashga shay qilingan yana bir sexdagi sharoitlarni ko‘zdan kechirdi. Loyiha ishga tushsa, korxona ishchilari soni 80dan ortadi. Xalq iste’mol bozoriga yiliga 25 ming tonnadan ziyod “Ever” brendi ostida ichimlik suvi yetkazib beriladi.

Shuningdek, press-tur doirasida OAV vakillari uchun  O‘zsanoatqurilishbankning Samarqand mintaqaviy bank xizmatlari ofisida matbuot anjumani ham o‘tkazildi. Tadbirda muassasaning 2022 yilgi faoliyati yakunlari xususida axborot berildi.

– Kreditlar har doim eng talabgir mahsulot, shu bois har yili bank resurs bazasini shakllantirish ishlari faol olib boriladi, – deydi Bank xizmatlari ofisi boshqaruvchisi Farhod Hamidov. – Xususan, 2022 yilda aholi va bank mijozlari bo‘lmish xo‘jalik sub’ektlari (shu jumladan, ularning ishchi-xizmatchilari) o‘rtasida depozitlarni keng targ‘ib etish natijasida ulardan jalb qilingan omonatlar qoldig‘i 300 mlrd. 200 mln. so‘mga yetdi. Bundan tashqari, mijozlarga xalqaro kredit liniyalar hisobidan ham kredit mablag‘lari ajratildi. Buning hisobiga kredit qo‘yilmalar qoldig‘i 2023 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, 1,8 trln. so‘mni tashkil etdi.

Hisobot davrida yuridik shaxs maqomidagi mijozlar tomonidan aylanma mablag‘larni to‘ldirish maqsadida ajratilayotgan, aholidan esa, ipoteka kreditlariga qiziqish ortgan.

Bank Axborot xizmati