French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“O‘zsanoatqurilishbank”: Murojaatlarning aksariyatida kredit to‘lovi muddatlarini uzaytirish so‘ralgan
17:29 / 2022-11-15

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “O‘zsanoatqurilishbank” tomonidan o‘tkazilgan brifingda ma’lum qilinishicha, joriy yilning o‘tgan 9 oyida jismoniy va yuridik shaxslardan jami 935 ta murojaat kelib tushgan. Shundan, 267 tasi ijobiy hal etilgan, 606 tasi bo‘yicha amaldagi me’yoriy hujjatlarga asosan tushuntirishlar berilgan va 62 tasi qonun normalariga zid bo‘lganligi sababli ko‘rmasdan qoldirilgan.

Hududlar kesimida asosiy murojaatlar Toshkent shahri aholisidan kelib tushgan: umumiy murojaatlarning 27,1 foizini tashkil etadi. Shuningdek, bu ko‘rsatkich Toshkent viloyati bo‘yicha 14,5 foiz, Qashqadaryo viloyati miqyosida 7,1 foiz, Surxondaryo viloyati misolida 7 foiz va Farg‘ona viloyati bo‘yicha 6 foizni tashkil qiladi.

Murojaatlarning 293 tasida kredit to‘lovi muddatlarini uzaytirish so‘ralgan bo‘lsa, 147 tasida chakana biznes yo‘nalishidagi masalalar, 132 tasida milliy valyutada kredit ajratish, 46 tasida esa ishga joylashish bilan bog‘liq murojaatlar o‘rin olgan.

Hisobot davrida bank rahbariyati tomonidan 30dan ortiq sayyor qabullar tashkil etilib, ularda jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli 90 dan ziyod murojaat ijobiy hal qilindi. Bundan tashqari, bugungi kunda bankning bosh ofisidagi “Ishonch telefoni”ga kelib tushayotgan og‘zaki murojaatlarga ham tezkorlik bilan javob berib kelinmoqda.

Bu borada o‘tgan 9 oy davomida 6 ming 500 dan ziyod qo‘ng‘iroqlar amalga oshirilgan bo‘lib, shundan 3 ming 200 tasi “Joyda” mobil ilovasidagi xizmat va mahsulotlar bo‘yicha, 1 ming 450 tasi kredit ajratish, 1 ming 310 tasi plastik kartalar va 480 tasi omonatlar kabi turli yo‘nalishlarga doir taklif va e’tirozlardan tarkib topgan.

Shuningdek, bankning hududiy tarmoqlarida o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bo‘yicha ishlash sohasidagi 12 ta holat bo‘yicha kamchilik aniqlangan. Bunday holatga yo‘l qo‘ygan 6 nafar mas’ul xodimga “xayfsan” intizomiy jazo chorasi va 6 nafar xodimga o‘rtacha oylik ish haqining 10 foizi miqdorida jarima jazosi qo‘llanilgan.

Bank tizimida aholi murojaatlari bilan ishlashda bunday holatlarning oldini olishga qaratilgan alohida chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqildi.

Unga binoan bank bosh ofisidagi tarkibiy tuzilmalar hamda mintaqaviy tarmoqlarda aholi murojaatlari bilan ishlash tizimiga qat’iy rioya qilinishi va bu borada javobgarlik shaxsan rahbarlar zimmasida bo‘lishi qayta ogohlantirildi.

Murojaatlar bilan ishlash tizimini takomillashtirib borish, xususan, murojaatlarda ko‘tarilgan masalalarni murojaatchi bilan uchrashgan holda ko‘rib chiqish, takroriy murojaatlar bo‘yicha aniqlangan muammolarni batamom hal etish chorasini ko‘rish, ishonch telefonlarining ish vaqtida uzluksiz ishlashini ta’minlash, sayyor uchrashuvlarni muntazam ravishda tashkil etish hamda murojaatlarni o‘z vaqtida ko‘rib chiqish yuzasidan nazorat ishlarini yanada kuchaytirish vazifalari belgilandi.

Sh.Mamaturopova, O‘zA