Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
"O‘zsanoatqurilishbank" mahsulotlari soni va xizmat ko‘rsatish tezligi 1,5 barobarga o‘sdi
14:50 / 2022-07-25

"O‘zsanoatqurilishbank"ning Toshkent viloyati mintaqaviy bank xizmatlari ofisiga press-tur tashkil etildi.

Unda ommaviy axborot vositalari (OAV) xodimlari bankning moliyaviy ko‘magida ishga tushirilgan korxonalarning faoliyati bilan tanishdi.

"O‘zsanoatqurilishbank" tizimida xalqaro ekspertlar ko‘magida olib borilayotgan transformatsiya ishlarida zamonaviy, tezkor va sifatli xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yib, aholini rozi qilish, tadbirkorlar va mijozlarga har tomonlama qulay sharoit yaratish maqsadi ko‘zda tutilgan.

– “Inson qadri uchun” tamoyili asosida mamlakatimiz bank tizimida islohotlar amalga oshirilmoqda, – deydi "O‘zsanoatqurilishbank"ning Toshkent viloyati mintaqaviy bank xizmatlari ofisi rahbari Botir Davirov. – Bunda IT texnologiyalardan unumli foydalanish, samarali dasturiy mahsulotlarni yaratish va mijozlar bilan muloqotda raqobatbardoshlikni ta’minlash doimiy e’tiborda. Xususan, transformatsiya mahsuli sifatida  bank xizmatlari markazlari (BXM) faqat mijozlar bilan ishlashga biriktirilgani, bank mahsulotlarini sotish bilan bog‘liq vazifalar markazlashtirilgani, mijozlarga individual xizmat ko‘rsatuvchi menejerlar doirasi shakllantirilgani keltirish mumkin. 

Natijada bank mahsulotlari soni 1,5 barobarga ko‘paydi, kredit ajratish tezkorligi yuridik shaxslar uchun 2,6 barobarga, jismoniy shaxslar uchun 1,6 barobarga oshdi. Chakana mijozlar soni 1,7 barobarga, xizmat ko‘rsatish tezligi 1,5 barobarga o‘sdi.  

Jurnalistlar borgan dastlabki manzil trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Yustex” korxonasi bo‘ldi. Yiliga  6 million dona mahsulot ishlab chiqaradigan, 300 ish o‘rni yaratilgan ushbu korxona Qibray tumani kichik sanoat zonasida joylashgan yirik ishlab chiqarish ob’ektlaridan biri sanaladi. 

Bank mazkur korxonaga texnologik uskunalar xarid qilish maqsadida moliyaviy ko‘mak ko‘rsatgan edi. Shunda 10 mlrd. so‘mlik loyihaning 7 mlrd. so‘mi bank hisobidan qoplanib, kredit mablag‘lari Xitoy va Yevropa davlatlaridan ilg‘or to‘qimachilik majmuasini sotib olishga yo‘naltirilgan.

Hozirda “Yustex” mahsulotlari Fransiya va Italiya davlatlariga eksport qilinadi. Bu borada yillik ko‘rsatkich 12 mln. dollarga tengdir. Qibray tumanidagi “Trans Servis Invest” korxonasi faoliyatida ham bankining muhim ishtiroki bor. 

Uch yildan buyon mahalliy va xorijiy bozorga ayollar va erkaklar hamda bolalar trikotaj mahsulotlarini yetkazib berayotgan ushbu korxona  “talab va taklif” tamoyillariga amalga qilingan holda bank bilan navbatdagi yangi loyiha ustida ish olib bormoqda.

– Tadbirkorlik  jur’at talab qiladi, – deydi “Trans Servis Invest” korxonasi savdo va marketing bo‘limi boshlig‘i Tohir Omonov. – Albatta, hisob-kitobingiz, xarajatingizga mos moliyaviy resursingiz bo‘lishi ham shart. Bu borada yurtimizda juda ko‘p imkoniyatlar berilmoqda. Masalan, tuzgan biznes-rejalarimiz qog‘ozga tushar-tushmas, bank tomonidan moliyaviy qo‘llab-quvvatlanmoqda.  Ayni vaqtda  O‘zsanoatqurilishbank bilan hamkorlikda yangi loyha “Trikotaj mahsulotlariga rang va bezak berish” ustida ish olib borayapmiz. U to‘liq ishga tushirilganda korxonaning yillik ishlab chiqarish hajmi 2200 tonnaga yetadi, eksport hajmi 600 ming dollarga ortadi.

Press-tur davomida Toshkent viloyati Qibray tumanidagi “ARENA RENT” korxonasiga ham borildi. Ushbu qorxona  oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlari hamda dori vositalarini saqlash uchun plastmassa idishlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.
– Faoliyatimiz to‘liq avtomatlashtirilgan, – deydi korxonaning loyiha menejeri Ikromboy Jumanov. – Bank tomonidan ajratilgan xorijiy kredit liniya hisobiga Xitoydan yirik texnologik majmua xarid qilib, ishlab chiqarishni boshladik. Hozirda buyurtmachilarga yiliga 2 mln. dollarlik import o‘rnini bosuvchi mahsulot yetkazib berayapmiz.

Loyiha qiymati 3,5 mln. dollar hajmida. Yiliga 960 tonna har xil turdagi plastmassa idishlar ishlab chiqariladi. Korxona faoliyati avtomatlashtirilganiga qaramay, 30dan ortiq yigit-qiz ishga jalb qilingan. Press-tur  davomida Toshkent viloyati mintaqaviy bank xizmatlari ofisida matbuot anjumani  o‘tkazilib, unda 2022 yilning birinchi yarimi yakunlarida bajarilganga  ishlarga alohida to‘xtalib o‘tildi.

Hisobot davrida muassasaning daromadi belgilangan rejaga ko‘ra 123 foiz, aholi bo‘sh pullarini omonatlarga jalb qilish 120 foizga bajarilgan. Sof foyda qariyb 45 mlrd. so‘mga yetdi. Kredit qo‘yilmalari 1 801,6 mlrd. so‘mni tashkil etib, bunda eng katta ulush sanoat tarmog‘i (qariyb 60 foiz)ga to‘g‘ri kelgan.

Tadbirkorlik sub’ektlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida 231,3 mlrd. so‘m miqdorida kredit mablag‘lari ajratilib, 40ga yaqin loyiha ishga tushirilgan, 375 dan ziyod yangi ish o‘rinlari yaratilgan.

O‘zA