Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zsanoatqurilishbank ko‘magida tadbirkorlik kengaymoqda, bandlik oshmoqda
12:22 / 2023-07-24

O‘zsanoatqurilishbank jurnalistlarni hududlarda ishga tushirilgan loyihalar bilan tanishtirishda davom etmoqda. Kuni kecha Farg‘ona shahridagi “Fergana uniform tex” va “Beshbola beton” korxonalariga press-tur uyushtirildi.

O‘zsanoatqurilishbankning Farg‘ona viloyatidagi Bank xizmatlari ofisi kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida olib borilgan ishlari natijasida joriy yilning birinchi yarimida 60ga yaqin loyiha ishga tushdi. Buning uchun 95 mlrd. so‘m miqdorida kredit mablag‘lari ajratildi, natijada 1400dan ziyod ish o‘rni yaratildi. 

[gallery-12886]

“Fergana uniform tex” mas’uliyati cheklangan jamiyatining “Maxsus ustki kiyimlar ishlab chiqarish” loyihasi -ulardan biri. Korxonaga uyushtirilgan press-tur davomida ommaviy axborot vositalari vakillari korxonadagi ishlab chiqarish jarayonlari, 180ga yaqin ishchi-xodimlar uchun yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi. Maxsus kiyimlarga xos maxsus xususiyatlar haqida ma’lumotga ega bo‘ldi.

– Zamonaviy talablar va iqlim xususiyatlariga javob beradigan formali kiyim-boshlar va farqlovchi belgilarga talab doim yuqori, – deydi “Fergana uniform tex” MCHJ rahbari Ixtiyor Qambarov. – Korxonamiz yiliga 1 mln. 700 ming dollarga teng mahsulot ishlab chiqaradi va eksportga yo‘naltiradi. O‘zsanoatqurilishbank bizga doim moliyaviy ko‘mak berib kelmoqda. O‘tgan yil bankdan aylanma mablag‘larni to‘ldirishga sarmoya olgan bo‘lsak, joriy yil boshida olingan kreditlar hisobiga texnologik uskunalarni modernizatsiya qilishga erishdik.

Ma’lumki, O‘zsanoatqurilishbank so‘nggi yillarda mamlakatimizda qurilish materiallari sanoatini rivojlantirishga mas’ul muassasa sifatida tizimli faoliyat yuritmoqda. Xomashyo borasida hududlar salohiyatini o‘rganish, ixtisoslashtirilgan tuman va shaharlarda sanoat infratuzilmasini rivojlantirish, kadrlar tayyorlash, mahsulot ishlab chiqarishda xorij tajribasi va texnologiyalarini o‘zlashtirish, shuningdek, tarmoqqa doir loyihalarni moliyalashtirish imkoniyatini oshirish shular jumlasidandir. Buning samarasida yildan-yilga qurilish materiallari ishlab chiqarish sifati va hajmi oshmoqda, importbop mahsulotlarni mahalliylashtirishga erishilmoqda.

Farg‘ona shahridagi “Besh bola beton” mas’uliyati cheklangan jamiyati betondan plitka va gazoblok mahsulotlari ishlab chiqaradi. Press-tur ishtirokchilari ushbu korxonada ham bo‘lib, uning imkoniyatlari, mahsulotlar sifatiga qo‘yiladigan talab va aholining bu mahsulotlarga talabini o‘rgandi.

O‘tgan yili mart oyida ish boshlagan korxonaga bankning 1,5 mln. dollar xorijiy kredit liniya jalb qilingan va   xorijdan ilg‘or texnologiyalar keltirib o‘rnatilgan. Bugungi kunda korxonada 150 ta ish o‘rni yaratilgan bo‘lib, yiliga 20 ming kubometr mahsulot ishlab chiqarilmoqda.

Qayd etish kerakki, Davlatimiz rahbari iqtisodiy loyihalar ijtimoiy sohada ham natija keltirishi zarurligi borasida ko‘p to‘xtaladi. Aslida ham tadbirkorlarga ko‘mak berib, faoliyatini kengaytirish mahallalarda aholi bandligini oshirib, kambag‘allikni qisqartirishda muhim ahamiyat kasb etishini bankning mana shu ikki loyihasi misolida ham ko‘rish mumkin.

 

O‘zsanoatqurilishbank axborot ximzati