Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“O‘zsanoatqurilishbank”: joriy yilning o‘tgan davrida 410 dan ziyod “yashil” loyihalar moliyalashtirildi
16:04 / 2024-07-09

Bugun AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumani “O‘zsanoatqurilishbank” tizimida “yashil” iqtisodiyotga o‘tish borasida amalga oshirilayotgan ishlar sarhisobiga bag‘ishlandi.

Tadbirda “O‘zsanoatqurilishbank” ATB boshqaruvi raisi o‘rinbosari Farrux Abdurahmonov va boshqalar mamlakatimizda ekologik barqarorlik va atrof-muhit muhofazasini ta’minlash ustuvor vazifaga aylanib borayotgani va bu jarayonda ushbu bank tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.  

Ma’lumki, Prezidentimiz boshchiligida ishlab chiqilgan 2019-2030 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasining “yashil” iqtisodiyotga o‘tish strategiyasida tabiiy resurslarni asrab-avaylash, iqtisodiyot tarmoqlarida tejamkor vositalar va muqobil energiya manbalaridan foydalanishni kuchaytirish, umuman, sanoatlashtirishni yo‘qotishlarsiz amalga oshirishga qaratilgan qator vazifalar belgilangan. Ushbu talablardan kelib chiqib, bugungi kunda “O‘zsanoatqurilishbank”ning “Green banking” faoliyati bevosita ushbu strategiyada ko‘zda tutilgan muhim yo‘nalishlar ijrosi bilan bog‘liqdir.  

Matbuot anjumanida bank tomonidan ushbu yo‘nalishda olib  borilayotgan ishlar haqida atroflicha ma’lumot berildi. Unga ko‘ra, Xalqaro moliya korporatsiyasi bilan hamkorlikda “Ekologik va ijtimoiy xavflarni boshqarish tizimini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi” ishlab chiqilgan. “Yashil bozor” tadqiq qilingan. Korporativ va chakana, kichik va o‘rta biznes toifasidagi mijozlar uchun “yashil” kreditlar joriy etilgan. Yashil loyihalarni baholash samaradorligini oshirish maqsadida xalqaro miqyosdagi Moliyaviy institutlar uchun iqlim o‘zgarishini baholash (Climate Assessment for Financial Institutions – CAFI) platformasiga ulangan.  

[gallery-18185]

“O‘zsanoatqurilishbank” ATB boshqaruvi raisi o‘rinbosari Farrux Abdurahmonov o‘z so‘zida bu ishlar qatorida xalqaro standartlar doirasida ESG va barqaror rivojlanish hamda energiya siyosati ishlab chiqilib, global ekologik va ijtimoiy dasturlarni yanada faol qo‘llab-quvvatlashga kirishilganini qayd etdi.  

– ESG tamoyillari va energiya siyosati asosida ish yuritish bankning mijozlar va hamkorlar bilan “yashil” iqtisodiyot mezonlari asosida hamkorlik qilishini nazarda tutadi, mamlakatimizga istiqbolli investorlarni jalb qilishda muhim rol o‘ynaydi. Mazkur hujjatlarga ko‘ra, ekologik, ijtimoiy va iqtisodiy sohalardagi umumjahon miqyosda kuzatilayotgan global muammolar yechimi o‘rganiladi. Bu bankning iqlim o‘zgarishi darajasini pasaytirish borasidagi sa’y-harakatlari natijadorligini oshirish, katta miqdorda mablag‘ va resurslarni tejashga xizmat qiladi, – dedi F.Abdurahmonov.  

Shuningdek, tadbirda joriy yilning o‘tgan davrida muassasa tomonidan 410 dan ziyod “yashil” loyihalar moliyalashtirilganiga urg‘u berildi. Bu ishlar natijasida qariyb 800 ming MVt elektr energiyasi, 38 ming metr kub suv, 107 ming metr kub tabiiy gazni tejash hamda atrof-muhitga chiqayotgan issiqxona gazlarini 320 ming tonnaga qisqartirishga erishilgan.  6 ming 800 ga yaqin ish o‘rni yaratilgan.  

“O‘zsanoatqurilishbank” ATBning “Green banking” departamenti direktori Bobur Sultonmurodovning so‘ziga ko‘ra, mazkur moliya tashkiloti ijtimoiy-ekologik dasturlarda ham faolligini ko‘rsatmoqda.  

–Bankimiz jamoasi Prezidentimiz tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan “Yashil makon”, “Dolzarb 40 kunlik” hamda “Avtomobilsiz kun” singari ko‘plab jamoat loyihalarida faol qatnashib kelmoqda. Xususan, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida joriy yil bahor mavsumida jami 90 ming tup, kuzgi ko‘chat ekish tadbirida 76 ming tup manzarali va mevali daraxt hamda buta ko‘chatlari ekildi. Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi tog‘ va tog‘ oldi hududdagi 11 gektar yer maydoniga 5,5 ming tup bodom ko‘chati, poytaxtimizdagi Barhayot mahallasida esa 200 tup mevali daraxt ekilib, “Yashil bog‘” yaratildi. “Zomin” qo‘riqxonasi hududini ko‘kalamzorlashtirish va obodonlashtirish ishlarida ishtirok etdi. E’tiborlisi, bank tomonidan ko‘chat ekish ishlarining bajarilishida iqlim sharoitiga mos, suvsizlik va qurg‘oqchilikka chidamli ko‘chatlar turlarini tanlashga alohida e’tibor qaratilyapti. Ekilgan ko‘chatlarni parvarishlash uchun alohida mutaxassislar jalb qilinib, yashil maydonlarga tomchilatib sug‘orishning ilg‘or texnologiyalari o‘rnatilmoqda, –dedi B.Sultonmurodov.  

Mas’ullar bankning barcha bino va inshootlarini loyihalash, rekonstruksiya qilish, qurish va jihozlashda sertifikatlangan energiya tejovchi texnologiya va uskunalardan foydalanish tartibga solinganini ham aytib o‘tdi. Unga ko‘ra, bank bosh ofisi hamda hududiy tarmoqlari binolariga umumiy quvvati 1480 kVt bo‘lgan quyosh panellari o‘rnatilgan. Ular yordamida 2023 yilda 1,4 million kilovatt soat muqobil elektr energiyasi ishlab chiqarilishi tufayli 1 milliard 256 million so‘m iqtisod qilingan.  

N.Ziyodullayeva,  

O.Pardayev (surat),  

O‘zA