Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zsanoatqurilishbank IT mutaxassislari tayyorlashni qo‘llab-quvvatlamoqda
14:43 / 2023-05-16

O‘zsanoatqurilishbankning Xorazm viloyati Urganch shahridagi “DATA UNION” mas’uliyati cheklangan jamiyatining innovatsion o‘quv markazida o‘tkazgan press-turida shu haqida ma’lum qilindi.

“Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasida raqamli texnologiyalar milliy bozorini rivojlantirish hamda axborot texnologiyalari sohasida ta’lim berish va malaka oshirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilangan. O‘zsanoatqurilishbank ham strategiya ijrosi doirasida sohada yoshlarning maqsadli tayyorlanishini tashkil etishga qaratilgan startap-loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga e’tibor qaratmoqda.

– Jamiyatning barcha tarmoqlarida IT sohasining u yoki bu ko‘rinishidan keng foydalanilmoqda, qolaversa, bu borada yetarli bilim va ko‘nikmaga ega bo‘lgan holda uydan chiqmasdan turib ham yuqori daromad ko‘rsa bo‘ladi, – deydi “DATA UNION” MCHJ rahbari Shahzod Sobirov. – Bu esa sohaning ahamiyatini kundan-kunga oshirmoqda. Aholi talabi hamda IT rivoji yo‘lida berilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanib, bank ko‘magida faoliyatimizni anchayin kengaytirdik. Yigirmaga yaqin xonalar qayta ta’mirlanib, ilg‘or kompyuter va ofis mebellari bilan jihozlandi.  Yiliga 5000 o‘quvchini o‘qitish imkoniga ega bo‘ldik.

O‘quv markazida yoshlarga zamonaviy axborot texnologiyalari, web dasturlash, kompyuter dasturlash, grafika dizayni, videomontaj, arxitektura, buxgalteriya hisobi va ingliz tili yo‘nalishlarida ta’lim berilmoqda. Kurslar 2 oydan 7 oygacha bo‘lib, o‘quvchilar bepul internet va o‘quv qurollari bilan ta’minlanmoqda. Hozirda 3 ming nafardan ziyod yoshlar o‘quv kurslarini tamomlab, sertifikat oldi. Ularning aksariyati hukumatimiz qarori asosida taqdim etilayotgan foizsiz iste’mol krediti hisobiga kompyuter jihozlari xarid qilib, mustaqil faoliyat yuritmoqda.  

Markazda bandlikka ko‘maklashuv xizmati ham mavjud. Bitiruvchilar orasida ishsizlar ro‘yxati shakllantirilib, ularni ish bilan ta’minlashga ko‘mak berilmoqda.

– Har ishda xayrli ish qilish mumkin, shu bois faoliyat boshlaganimizdayoq ijtimoiy himoya muhim yo‘nalishimiz bo‘lishini belgilab olganmiz, – deydi Sh. Sobirov. – Xorazm viloyatidagi imkoniyati cheklangan va vaqtinchalik ishsiz yoshlarga IT bilim va ko‘nikmalar berib, onlayn tarzda frilans (“freelancer”) sifatida faoliyat olib borishiga amaliy yordam ko‘rsatish mo‘ljallanmoqda. Shu maqsadda Yoshlar ishlari agentligi bilan hamkorlikda 220 nafar yoshni bepul o‘qitdik. Endilikdagi maqsadimiz chekka hududlardagi yoshlar va kam daromadli oila farzandlari uchun sifatli onlayn o‘quv mashg‘ulotlarini tashkillashtirish. Bu bilan markaz o‘zi uchun yangi xaridorlar segmentini yaratadi.

Press-turda DATA innovatsion o‘quv markaziga Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) 87 million so‘m grant ajratgani va hamkorlikda rebrending o‘tkazilgani ma’lum qilindi. Joriy yil yakuniga qadar xorijlik ekspertlar guruhi bilan DATA brendini franshizaga olib chiqish mo‘ljallanmoqda.

Markaz mutasaddilari jurnalistlarga istiqboldagi rejalarni ma’lum qildi. Misol uchun, xorijlik kompaniyalar bilan masofaviy ishlash tizimini yo‘lga qo‘yish, o‘quv kurslari bo‘yicha yo‘nalishlar sonini ko‘paytirish, onlayn o‘quv kurslarini ommalashtirish hamda markaz faoliyatini to‘liq raqamlashtirish.  

Press-turda ommaviy axborot vositalari vakillari uchun O‘zsanoatqurilishbank Xorazm viloyatida aholi va tadbirkorlarga xizmat ko‘rsatishda yaratilgan qulayliklar mavzusida matbuot anjumani ham o‘tkazildi. Unda bankning hududiy boshqarmasi faoliyati misolida ma’lumotlar taqdim etildi.

Viloyatda bank mijozlari soni 46 mingdan ziyod bo‘lib, ularning ikki mingga yaqini kichik va o‘rta biznes sub’ektlari hisoblanadi. Joriy yilning 1 yanvar holatida bank hududiy boshqarmasi kredit portfeli 1,0 trln. so‘mni tashkil etdi. Shundan, yuridik shaxslarga ajratilgan kreditlar qoldig‘i 933,2 mlrd. so‘mni, jismoniy shaxslarga taqdim etilgan kreditlar qoldig‘i esa 132,8 mlrd. so‘m, omonatlar qoldig‘i esa 206,8 mlrd. so‘mni tashkil qildi.

Reklama huquqi asosida

O‘zA