O‘zbekiston Milliy axborot agentligi – O‘zAning an’anaviy «YIL TANLOVI»da mazkur bank g‘olib sifatida e’tirof etildi.
Ayni vaqtda «O‘zsanoatqurilishbank»ning 2020 yilda amalga oshirgan ishlari va 2021 yilgi rejalari bilan qiziqdik.
O‘tgan yilda bank xizmatlarini xalqqa yaqinlashtirish uchun 42 ta bank xizmati ofisi va 89 ta o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish markazlari (24/7) tashkil etilgan.
978 ta investitsiya loyihasiga 13,7 trillion so‘m kredit ajratildi. Mazkur loyihalarning amalga oshirilishi natijasida 25,7 mingta yangi ish o‘rni yaratildi, 5,9 trillion so‘mlik eksport amalga oshirildi va byudjetga 5,5 trillion so‘m kelib tushdi.
Xabaringiz bor, koronavirus pandemiyasi aholi hamda tadbirkorlarning to‘lov qobiliyati pasayishiga sabab bo‘ldi. Shuni inobatga olgan holda qiyin ahvolga tushib qolgan 17841 ta tadbirkor mijozbay o‘rganildi va 3 ta toifaga ajratildi.
Ularni qo‘llab-quvvatlash uchun 1235 ta tadbirkorga 4 trillion so‘m, 91 ta eksportyorga 2,6 trillion so‘m kredit ajratildi. 3809 ta mijozning 2,9 trillion so‘mlik kreditlari muddati 6 oyga uzaytirildi. Natijada 11,8 mingta ish o‘rni qayta tiklandi va 132,4 million dollarlik mahsulot eksport qilindi.
Xalqaro moliya korporatsiyasi bilan hamkorlikda bankda transformatsiya ishlarining 2-bosqichi amalga oshirildi. Xususan, korporativ boshqaruv va risk menejment tizimini takomillashtirish, mijozlarga yo‘naltirilgan yangi tashkiliy tuzilmani joriy qilish, loyiha boshqaruvi ofisini tashkil qilish ishlari yakunlandi. CERT xalqaro standartlashtirish tashkiloti bilan hamkorlikda antikorrupsiya tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Tadbirkorlarni tezkor kreditlash uchun 26 ta, yirik korxonalarga 8 ta va aholi uchun 22 ta modulli kreditlar joriy qilindi. Yangi skoring tizimiga asoslangan Anderrayting yo‘lga qo‘yilib, 5 pog‘onali kreditlash tizimi 2 pog‘onaliga tushirildi. “JOYDA” mobil ilovasi va uning tarkibida elektron savdo maydonchasi (marketpleys) ishga tushirildi.
Xalqaro moliya korporatsiyasi ko‘magida, O‘zbekistonda birinchi bo‘lib yashil loyihalarni moliyalashtirish mexanizmi yo‘lga qo‘yildi. Unga asosan 31,9 mln. dollarlik 17 ta yashil loyiha moliyalashtirildi.
2021 yilda ham bank o‘z oldiga bir qator vazifalarni amalga oshirmoqchi.
Birinchidan, Xalqaro moliya korporatsiyasi va Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan bank faoliyatini transformatsiya qilish ishlarini 3-bosqichi amalga oshiriladi. “Change management” tizimi asosida transformatsiya jarayonlarida xodimlar ishtiroki doimiy ravishda faollashtiriladi. Universal xodimlarni shakllantirish orqali mijozbay ishlash tizimiga o‘tiladi.
Ikkinchidan, hududlardagi bank tarmoqlari transformatsiya qilinadi. Yangi biznes jarayonlar joriy qilinadi va bosqichma-bosqich avtomatlashtiriladi. Barcha filiallar sotuv kanallariga aylantiriladi. Hududiy yagona MFO tizimiga o‘tiladi.
Uchinchidan, hududiy dasturlar asosida 593 ta investitsiya loyihalariga 10,2 trln. so‘m kreditlar moliyalashtirilib, ular hisobiga 27,2 ming ta yangi ish o‘rinlari tashkil etiladi. Bunda loyihalar birinchi navbatda mahallalarda amalga oshiriladi.
Mablag‘larni 7,8 trln. so‘mi sanoat, 1,3 trln. so‘mi qishloq xo‘jaligi va 1,1 trln. so‘mi xizmat ko‘rsatish sohasiga yo‘naltiriladi.
To‘rtinchidan, Davlat dasturlari doirasida 279 ta loyihalarni amalga oshirish uchun 3,7 trln. so‘m kreditlar ajratiladi. Shundan aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ya’ni uy-joy bilan ta’minlash maqsadida, 160 ta xonadondan iborat 5 ta ko‘p qavatli uylar qurilishiga 28 mlrd. so‘m moliyalashtiriladi.
Beshinchidan, tadbirkorlarga barcha xizmatlarni masofadan turib raqamli tartibda ko‘rsatish joriy qilinadi.
Oltinchidan, xorijlik hamkorlar va konsultantlar yordamida zamonaviy axborot texnologiyalari biznes jarayonlariga tatbiq etiladi. Xalqaro to‘lov tizimlari bilan ishlash uchun yangi protsessing markazi (WAY4), ma’lumotlarni saqlash ombori (DWH), SAP dasturida har bir yo‘nalish samaradorligini baholash tizimi, mijozlar bilan munosabatlar (CRM) va kredit konveyer tizimlari joriy qilinadi.
Yettinchidan, bank kapitaliga xususiy investorlarni jalb qilish ishlari faollashtiriladi.
Sayyora Shoyeva, O‘zA