O‘zPFL delegatsiyasi “FarDU” sport majmuasida amalga oshirilayotgan ishlarni ijobiy baholadi
Bosh murabbiy Sergey Lebedev rahbarligidagi “FarDU” futbol jamoasi joriy mavsumdan boshlab O‘zbekiston Pro-ligasida ishtirok etmoqda. Shu munosabat bilan ayni kunlarda jamoa uy o‘yinlarini o‘tkazadigan “FarDU” sport majmuasida zamonaviy talablar asosida qurilish va ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Professional futbol ligasi maxsus ishchi guruhi tomonidan mazkur sport-sog‘lomlashtirish majmuasida o‘rganish ishlari olib borildi. Ta’kidlash joizki, delegatsiya tomonidan majmuada amalga oshirilayotgan qurilish va yangilash ishlari yuqori baholandi.



Ayni paytda “FarDU” futbol jamoasining O‘zbekiston Pro-ligasi doirasidagi navbatdagi tur uchrashuvlarini o‘z maydonida qabul qilishi uchun barcha zaruriy ishlar jadal sur’atlarda amalga oshirilmoqda. Uy o‘yinlarini yuqori saviyada tashkil etish maqsadida infratuzilmani yaxshilash, maydon holatini talab darajasiga yetkazish, tomoshabinlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish ishlari izchil davom ettirilmoqda.
Nilufar Bozorova, O‘zA