Ozodbek Nazarbekov: “Talabalar ustozlarning munosabatidan norozi ekani juda afsuslanarli”
Oʻzbekiston davlat konservatoriyasida Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov sanʼat yoʻnalishida tahsil olayotgan yigit-qizlar, ijodkor yoshlar bilan uchrashdi.
Oʻzbekiston davlat konservatoriyasida Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov sanʼat yoʻnalishida tahsil olayotgan yigit-qizlar, ijodkor yoshlar bilan uchrashdi.
Bugungi kunda davlatimiz rahbari tomonidan milliy sanʼat va madaniyat ravnaqiga katta eʼtibor qaratilmoqda. Sohaga taalluqli milliy qonunchilik muttasil takomillashtirib borilmoqda. Maqom, baxshichilik sanʼatiga oid xalqaro festivallarning muntazam tarzda tashkil etilayotgani soha ravnaqida alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Biroq kamchilik va muammolar ham bor. Madaniyat vaziri O.Nazarbekov mavjud dolzarb masalalarni yoritishda ommaviy axborot vositalari xodimlari, blogerlar bilan izchil hamkorlik yoʻlga qoʻyilishi muammolarga keng jamoatchilik eʼtiborini jalb etishda, alaloqibatda esa ularning hal etilishida muhim oʻrin tutishini taʼkidladi.
Uchrashuv davomida sanʼat yoʻnalishida tahsil olayotgan talabalarning amaliyot oʻtashi bilan bogʻliq masalalar koʻtarildi. Ayni paytda yoshlarning ustozlar oʻgitiga beeʼtiborligi, besabrligi, shoshma-shosharligi ham bor gap ekani roʻy-rost aytildi.
– Amaliyot jarayonida bilim va tajriba yoshlarga koʻproq singadi, – dedi madaniyat vaziri O.Nazarbekov. – Sohada talabalarning amaliyot bilan bogʻliq vaqti juda kam. Axir, aynan amaliyot jarayonida tajriba orttiriladi. Oʻz kamchiliklari ustida ishlash boshlanadi. Ustozlar talabalarning feʼl-atvoridan, yoshlar esa ustozlarining munosabatidan norozi ekani juda afsuslanarli holatdir. Shaxsan oʻzim ustozlarning dilini ogʻritishni fojia, deb bilaman. Aksariyat yoshlar ustoz huzuriga “qachon meni yuzaga chiqararkin“, degan fikr bilan keladi. Bu esa mutlaqo notoʻgʻri yondashuv. Vaholanki, ustozlarning yoʻl-yoʻriqlari, nasihatlari, oʻgitlarini toʻgʻri qabul qilish ham yoshlarning oʻzi uchun muhimdir. “Ustoz-shogird“ maktabi yoshlarning kelgusidagi ijodida yaxshi saboq boʻlishi, shubhasiz.
Bugungi kunda maqom sanʼatini yana-da rivojlantirishga katta eʼtibor qaratilayotgani barobarida bu sohadagi taʼlimni davr ruhiga hamohang tarzda takomillashtirish, uni yangi, yana-da yuqori bosqichga olib chiqish muhim ahamiyat kasb etmoqda. Tadbirda bu yoʻnalishda maxsus maktablar tashkil etish boʻyicha amaliy ishlar boshlangani taʼkidlandi.
Muloqotda yoshlar bilan aloqalarni yana-da takomillashtirish, sanʼat yoʻnalishidagi oliy oʻquv dargohlarining dars jadvalidagi fanlarni yana-da optimallashtirish, oʻzbek milliy musiqa sanʼatiga doir darslik va qoʻllanmalar nashr etishni yangi bosqichga koʻtarish, kino, teatr, musiqa va boshqa yoʻnalishlarda ijod qilayotgan yoshlarning oʻzaro muloqotiga keng yoʻl ochish, bilim dargohlarini musiqa asboblari bilan taʼminlashni yana-da yaxshilashning istiqbollari xususida batafsil fikr yuritildi.