Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Pokiston Islom Respublikasiga tashrifi arafasida Islomobod shahridagi eng katta muzeylardan biri “Lok Virsa” muzeyida Oʻzbekiston madaniyati va tarixiga oid doimiy koʻrgazma, yaʼni Oʻzbekiston burchagining ochilish marosimi oʻtkazildi.
Mazkur koʻrgazma ochilishida Pokiston Islom Respublikasi Milliy tarix va adabiy meros vaziri Shavkat Mahmud bilan birga ishtirok etdik.
Tadbirda Oʻzbekiston va Pokiston ziyolilari ham qatnashishdi.
Tadbir ishtirokchilari muzeyda ochilgan Oʻzbekiston burchagidan oʻrin olgan yurtimiz tarixi, madaniyati va hunarmandchiligiga oid eksponatlar bilan tanishtirildi. Shuningdek, oʻzaro suhbat davomida bir qator tashkiliy ishlarni oʻtkazish borasida fikr almashdik.
Jumladan, Oʻzbekiston va Pokiston diplomatik aloqalar oʻrnatilganligining 30 yilligi munosabati bilan qoʻshma konsert tashkil etish, Islomobod shahrida oʻtkazilgan Bobur hayoti va ijodiga bagʻishlangan ilmiy amaliy konferensiyaning uzviy davomi sifatida Toshkent shahrida navbatdagi konferensiyani oʻtkazishni kelishib oldik.
Bundan tashqari, Boburiylar tarixiga oid koʻplab madaniy meros obyektlari Panjob viloyatining Lahor shahrida joylashganligi munosabati bilan, mazkur shaharda Boburiylar tarixiga oid koʻrgazma tashkil etishni ham rejalashtirdik.
Bunday tadbirlarning amalga oshirilishida koʻp asrlar davomida oʻzaro shakllangan doʻstlik va hamkorlik rishtalari yanada mustahkam boʻlishiga ishonamiz, - deydi Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov.
O‘zA