Ozodbek NAZARBEKOV: Milliy musiqa asboblarimizning nota tizimlarini yaratish choralari ko‘rilmoqda
“Milliy tiklanish” DP fraksiyasida yangi tarkibdagi Hukumat a’zoligiga nomzodlarni ko‘rib chiqish va ma’qullash masalalari muhokama qilindi.
“Milliy tiklanish” DP fraksiyasida yangi tarkibdagi Hukumat a’zoligiga nomzodlarni ko‘rib chiqish va ma’qullash masalalari muhokama qilindi.
Yig‘ilishni partiya fraksiyasi rahbari Alisher Qodirov olib bordi. Unda Vazirlar Mahkamasi a’zoligiga ko‘rsatilgan nomzodlarni tasdiqlash masalasi ko‘rib chiqildi.
Ma’lumki, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti to‘g‘risida”gi Qonunga Vazirlar Mahkamasi a’zoligiga nomzodlar deputatlar tomonidan tasdiqlanadi.
Yig‘ilishda dastlab, fraksiya a’zolari nomzodlarning istiqbolga mo‘ljallangan maqsadli ko‘rsatkichlar va vazifalarga erishish borasidagi huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy, tashkiliy-texnik chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi harakatlar rejasini eshitdi.
Deputatlar ko‘rsatilgan nomzodlarga partiya saylovoldi dasturidan kelib chiqqan holda o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi.
Madaniyat vazirligiga nomzod O.Nazarbekovga milliy musiqa san’atimizni rivojlantirishning muammolari, jumladan, milliy musiqa asboblarimizning nota tizimlari mavjud emasligi, bu o‘z o‘rnida sanat faqatgina ustoz-shogird munosabatlari va quloqdan-quloqqa ko‘chib yurganligini muammo sifatida ko‘rsatib, yechimlari haqida fikrlarini so‘radi.
– Milliy musiqa asboblarimizning nota tizimlarini yaratish choralari ko‘rilmoqda Maqom san’ati bo‘yicha ilm qilinmagani bor gap. Mukammal o‘quv dasturlari, uslubiy qo‘llanmalar tayyorlanmagan. Shu sababli Maqom akademiyasini tashkil etishni rejalashtiryapmiz. Bu borada Prezident qarori tayyorlanmoqda, – dedi O.Nazarbekov.
Energetika vazirligiga nomzod A.Sultonovdan aholini gaz, elektr va suv bilan ta’minlashdagi muammolar, ularni yechimlari bo‘yicha rejalari so‘raldi. Gaz, elektr va suvdan noqonuniy qurilmalar orqali foydalanganlik bo‘yicha qonunchilikdagi jazoni kuchaytirish kerakligi ta’kidlandi.
Deputatlar aholini suyultirilgan gaz bilan ta’minlashda muammolar borligi, u vaqtida yetkazib berilmayotganini tanqid qildi. Xorij tajribasidan foydalangan holda joyiga borib gaz ballonlarni suyultirilgan gaz bilan to‘ldirib berish taklifi ilgari surildi.
Umuman olganda fraksiya tomonidan Vazirlar Mahkamasi a’zoligiga ko‘rsatilgan nomzodlar ma’qullandi va har bir nomzodning harakatlar rejasida ko‘zda tutilgan vazifalarning ijrosi yuzasidan O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi faol deputatlik va parlament nazoratini o‘rnatishini bildirildi.