Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ozodbek Nazarbekov: Kliplarni efirdan oldirib tashlash bizning vakolatimizga kirmaydi
19:25 / 2022-03-25

Madaniyat sohasi millat ma’naviyatini yuksaltiradigan, ma’naviy oziqa beradigan, shuning barobarida millatning o‘zligini namoyon qiladigan muhim yo‘nalish. Shunday ekan, madaniyat sohasi vakillarining axloqi, sahna madaniyati kabilar muhim masalalardandir.

Ammo so‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda san’at ahlining ayrim vakillari “ramka”ga to‘g‘ri kelmaydigan chiqishlari bilan ommani o‘ziga qaratmoqda. Sahna madaniyatini, etika qoidalarini unutayotgan, tomoshabinga nisbatan qo‘pol munosabatini ochiqdan-ochiq namoyish etayotgan vakillar ham yo‘q emas. Bu borada Madaniyat vazirligi tomonidan qanday chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda, qanday choralar ko‘rilmoqda?

Oliy Majlis Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirining eshituvida ko‘tarilgan ushbu savolga vazir Ozodbek Nazarbekov quyidagicha javob berdi:

— Haqiqatan ham vazirligimizga san’at va madaniyat vakillarining axloqi, sahna madaniyati, etika qoidalariga rioya qilishiga oid juda ko‘plab murojaatlar keladi. Bu borada "O‘zbekkonsert" davlat muassasasi qoshidagi Badiiy kengash qarori bilan o‘sha san’atkorlarning sahnaga, telekanallarga chiqishiga taqiq qo‘yish yoki litsenziyasini olib qo‘yish bilan jazo choralari ko‘riladi.

Ammo hozir bilamizki, ijtimoiy tarmoqlar orqali ham bemalol o‘z ijod namunalarini tarqatishi mumkin. Qolversa, xususiy telekanallar ham mustaqil. Madaniyat vazirligi bilan faqat O‘zMTRK hisoblashishi mumkin. Ya’ni bizning taqiqlarimizni MTRK tarkibidagi telekanallar inobatga oladi, xususiy telekanallarga ta’sir qila olmaymiz. Kliplarni efirdan oldirib tashlash bizning vakolatimizda emas.

Bu borada maxsus bir jamoatchilik kengashini tashkil etish taklifini bildirmoqchiman. U kim bo‘lishidan qat’iy nazar, millat ma’naviyatiga zid chiqishlar qiladimi, albatta, ana shunday kengashlar tomonidan tartibga solinsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Muhtarama Komilova, O‘zA