French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ozodbek Nazarbekov Andijon viloyatida madaniyat xodimlarini tabrikladi
19:54 / 2025-04-17

15 aprel kuni yurtimizda Madaniyat va san’at xodimlari kuni nishonlanadi. Shu munosabat bilan mamlakatimiz bo‘ylab ijod ahlini qo‘llab-quvvatlash va e’zozlashga qaratilgan bayram tadbirlari o‘tkazilmoqda. Ana shunday tadbirlardan biri Andijon viloyatida ham tashkil etildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov tashabbusi bilan ilk bor maxsus tabrik va tashakkurnomalar nafaqat madaniyat arboblari, balki ularning ota-onalariga ham topshirildi.

Tashabbus doirasida vazir va uning o‘rinbosarlari madaniyat va san’at xodimlari uylariga tashrif buyurib, ularga mamlakatimiz ma’naviy hayotini boyitishga qo‘shayotgan hissasi uchun samimiy minnatdorchilik bildirdi.

— Madaniyat ahli umrbod xalqning yodida qoladi. Ularning hayoti doim jamiyat diqqat markazida bo‘ladi. Biroq, sahnani tark etgandan so‘ng, ayniqsa, keksa yoshda, ular e’tiborga g‘oyat muhtojligini his etadi. Bu ularning ruhiyatiga ham, salomatligiga ham ta’sir ko‘rsatmay qolmaydi. San’atkor uchun tomoshabin e’tiborini yo‘qotish hayot mazmunini yo‘qotishdek gap. Shu bois madaniyat sohasi faxriylarini ma’naviy qo‘llab-quvvatlash juda muhim, — deydi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov. 

— Butun umrini madaniyatni rivojlantirish, yosh avlodni tarbiyalash, boy ma’naviy merosimizni asrab-avaylashga bag‘ishlagan insonlarni unutmasligimiz kerak. Ularni qo‘llab-quvvatlash, qadrlash va e’zozlash, dardiga quloq tutish bizning burchimizdir. Bunday tashriflar shunchaki rasmiyatchilik uchun tashkil etilayotgani yo‘q. Bu mukofot bilan o‘lchanmaydigan insoniy fazilatlar va kasbiy mahorat e’tirofidir. Shuning uchun ham biz ularning har biriga o‘z minnatdorchiligimizni bildirishga qaror qildik. Zero, ular unutilmaganliklarini va o‘z yurti uchun avvalgidek kerak ekanliklarini his qilishi kerak”, — dedi vazir. 

Ta’kidlanganidek, mazkur tashabbus joriy yilda ilk bor o‘tkazilayotgan bo‘lib, soha faxriylarini ma’naviy qo‘llab-quvvatlashda muhim ijtimoiy ahamiyatga egadir. Barcha uchrashuvlar iliq va samimiy ruhda o‘tmoqda. 

— Mehnatimiz bunday e’zozlanayotgani uchun cheksiz minnatdorman. Bugun bizni vazirning o‘zi shaxsan tabrikladi — bu katta sharaf! Hamkasblarimiz bilan ko‘p yillardan buyon yosh avlodni tarbiyalab, ularga bilim berib kelamiz. Shogirdlarimiz oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirmoqda, tanlovlarda ishtirok etib, yuksak natijalar ko‘rsatmoqda.  Bundan har bir pedagog faxrlanadi, albatta. 31 yildan buyon dars berar ekanman, shuni ishonch bilan aytishim mumkinki, san’at dilga quvonch bag‘ishlaydi, tafakkurni shakllantiradi, madaniyatni rivojlantiradi, insonning ma’naviy dunyosini boyitadi. Muhimi, bugun maorif vakillari, ayniqsa, madaniyat sohasida faoliyat yuritayotgan ustozlarning mehnati e’tibor va e’tirofga sazovor bo‘lyapti, — deb o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi Andijon tumanidagi T. Sodiqov nomli 7-musiqaga ixtisoslashtirilgan maktab-internat o‘qituvchisi Shalolaxon Mamadaliyeva. 

Andijon viloyatida bo‘lib o‘tayotgan bayram tadbirlari davom etmoqda. Yakunda mamlakatimiz san’ati va ma’naviy ravnaqi yo‘lidagi ko‘p yillik fidokorona xizmati uchun 65 nafar taniqli madaniyat arboblariga “Madaniyat va san’at fidokori” ko‘krak nishonlari tantanali topshiriladi.  

Aziza Alimova, O‘zA.