English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ozod yurtning ravon yo‘llari
14:17 / 2015-05-01

“Navoiyavtoyo‘l” hududiy yo‘llardan foydalanish korxonasi tomonidan xalqaro ahamiyatga molik yirik magistral hamda ichki yo‘llarni ta’mirlash, yangi ko‘priklar bunyod etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar ko‘lami yildan-yilga kengaymoqda.

Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida yangi yo‘l va ko‘priklar qurish, mavjudlarini rekonstruksiya qilish, yo‘l infratuzilmasini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Buning samarasida ichki yo‘llar, davlat va xalqaro ahamiyatdagi yo‘llar infratuzilmasi tubdan yaxshilanib, yo‘lovchilar va transport vositalari uchun maishiy xizmat va servis tizimi rivojlantirilmoqda.

“Navoiyavtoyo‘l” hududiy yo‘llardan foydalanish korxonasi tomonidan xalqaro ahamiyatga molik yirik magistral hamda ichki yo‘llarni ta’mirlash, yangi ko‘priklar bunyod etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar ko‘lami yildan-yilga kengaymoqda.

– Mamlakatimizda yo‘lsozlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi korxona direktori Sherali Eshonqulov. – Viloyatda yirik yo‘lsozlik kommunikatsiya ishlarini amalga oshirish, jumladan, xalqaro va davlat ahamiyatiga molik avtomobil yo‘llarini rekonstruksiya qilish bo‘yicha so‘nggi besh yilda salmoqli natijaga erishildi. Samarqand-Ashxobod avtomobil yo‘lining 169-174 kilometrlarini o‘rta ta’mirlash bo‘yicha bir milliard 215,4 million so‘mlik ishlar amalga oshirilib, 5 kilometr uzunlikdagi yo‘l foydalanishga topshirildi. Shuningdek, Navoiy-Uchquduq avtomobil yo‘lining 15-kilometridagi ko‘prik ta’mirlanib, avtomobillarning xavfsiz qatnovi uchun keng imkoniyatlar yaratildi.

Viloyatning Karmana tumani hududidan o‘tuvchi M-37 magistrali mamlakatimizni boshqa davlatlar bilan bog‘lovchi muhim kommunikatsiya tarmog‘idir. Intermodal logistika markazi, Navoiy xalqaro aeroporti, “Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zonasi shu yo‘l bo‘yida joylashgan. Mazkur magistral atrofida zamonaviy infratuzilma inshootlari, xususan, avtomobillarga xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, turli savdo do‘konlari, oshxona va mehmonxonalar faoliyatini yaxshilashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Viloyatda yo‘lsozlik borasidagi yirik loyihalardan biri Navoiy-Nurota yo‘nalishidagi Qizilqum xalqa yo‘lining tubdan rekonstruksiya qilinganidir. Viloyat markazi bilan Nurota tumanini bog‘laydigan yo‘l qurilishiga 3 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ sarflandi. Ta’mirlash jarayonida tog‘li hududning iqlim sharoiti alohida e’tiborga olindi. Yo‘lning do‘nglik va nishablik darajasi ilgarigiga nisbatan sezilarli darajada pasaytirildi. 1 ming 383 metrlik xavfli qismlari chekkasiga beton himoya to‘siqlari o‘rnatildi. Avtomobillar xavfsizligini ta’minlash, yo‘lovchi va haydovchilar uchun yaratilayotgan bunday qulay sharoitlardan aholi mamnun.

– 45-yil haydovchi bo‘lib ishladim, – deydi nurotalik Pardaboy Xo‘jaqulov. – Zamonaviy andozalar asosida qurilgan keng va ravon yo‘llarni ko‘rib, to‘g‘risi, havasim keladi. Bir paytlar bu yo‘llardan yurish juda mashaqqat edi. Tuman markazidan Navoiy shahriga ikki soatda zo‘rg‘a yetib borardik. Biror kor-xol bo‘lib, mashina yo‘lda buzilib qolsa bormi, kun bo‘yi o‘sha yerda qolishga majbur edik. Qor-yomg‘irli kunlarda iloji boricha yo‘lga chiqmaslikka harakat qilardik. Mustaqilligimiz sharofati bilan yo‘llarimiz ham obod bo‘ldi. Keng va ravon yo‘llar manzilimizni yaqin qildi, eng muhimi, xavfsizligimizni ta’minladi. Yo‘l bo‘yidagi turli xizmat ko‘rsatish inshootlarini aytmaysizmi?! Hech narsadan xavotir olmay, xohlagan manzilingizga ketavering – “yukingiz yerda qolmaydi”.

Viloyat hududidagi 3 ming 906 kilometr xalqaro, davlat va mahalliy ahamiyatga molik yo‘llarga 8 tuman yo‘l-qurilish, pudrat-ta’mirlash va foydalanish hamda bitta ko‘prik xo‘jaligini saqlashga ixtisoslashtirilgan pudrat-ta’mirlash korxonasi xizmat ko‘rsatmoqda.

Yo‘l qurilishida belgilangan ish me’yorining barqarorligini ta’minlashda viloyatdagi 7 asfalt-beton ishlab chiqarish sexining faoliyati muhim o‘rin tutadi. Keyingi yillarda viloyat yo‘lsozlari tomonidan ichki infratuzilmani rivojlantirish, yangi va keng yo‘llar barpo etish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilayotir. Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini joriy ta’mirlash, yangi yo‘l belgilari o‘rnatish, piyodalar yo‘laklari va avtobekatlarni ta’mirlash borasidagi ishlar natijasida yo‘l- transport hodisalari soni keskin kamaymoqda.

Viloyatda hududlarni bog‘lovchi ko‘priklarni ta’mirlash, yangilarini qurish borasida ham salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, o‘tgan yili korxona tomonidan qariyb 60 milliard 934 million so‘mlik qurilish-montaj ishlari bajarildi. Jumladan, Samarqand-Buxoro-Turkmanboshi avtomobil yo‘lida qayta qurish ishlariga qariyb 27 milliard so‘mga yaqin mablag‘ sarflanib, ko‘rkam magistralda avtomobillar qatnovi yanada yaxshilandi.

Mamlakatimizni obodonlashtirish, jumladan, yo‘l infratuzilmasini takomillashtirish borasida olib borilayotgan izchil ishlar xalqimizning turmush farovonligini yanada oshirishga xizmat qilayotir.