Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ozod yurtning boqiy bayrami (+video)
19:38 / 2023-03-16

Nafosat faslining husunkor damlarida uyg‘onayotgan tabiatga boqib, bugungi nurafshon kunlarga, hayotning bebaho ne’matlariga sog‘-salomat yetganimiz, yurtimiz osoyishtaligiyu, osmonimiz musaffoligi uchun Yaratganga shukronalar aytamiz.

Darhaqiqat, bu yilgi tabiat Navro‘z bayramiga yangicha tarovat va joziba baxsh etmoqda. Barchamiz doimo orziqib kutadigan va katta xursandchilik, shodiyona bilan o‘tkazadigan Navro‘z bayrami biz uchun hayot abadiyligi, tabiatning ustuvor qudrati va cheksiz saxovatining, ko‘p ming yillik milliy qiyofamiz, oliyjanob urf-odatlarimizning betakror ifodasi bo‘lib kelmoqda.  

Ko‘hna olamning qayta yasharishi va yangilanishining betakror timsoli bo‘lgan Navro‘zi olam bugun yurtimizning barcha nuqtalarida o‘zgacha ko‘tarinkilik kayfiyati bilan nishonlanmoqda.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/qWyOeWuiZoE" title="Ozod yurtning boqiy bayrami" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

Tog‘lar bilan yelkadosh, bulutlar bilan bo‘ylashgan, o‘zining betakror tabiatiga ega Jizzaxning “Beshovul” qishlog‘i ahli ham Navro‘z shukuhidan quvonchlarini yashirmaydi.  

Shivalab o‘tgan yomg‘irdan so‘ng tuproqning allaqanday yoqimli bo‘yi tandirdan yangi uzilgan non hidiga qo‘shilib tabiatga o‘zgacha ifor taratadi. Qishloq ayoli kulcha nonlarini sho‘x-shodon bolajonlarga uzatadi. Dil yayraydi. Ko‘rib ko‘zing quvonadi.

Haqrost, Navro‘z ayyomi azaldan sharq xalqlarida yangilanish, yasharish bayrami, yangi yilning boshlanishi deya e’tirof etib kelingan. Sharq tafakkuri gulshanining yorqin yulduzlaridan biri hazrat Alisher Navoiy ta’kidlaganidek:

“Har tuning qadr o‘lubon,  

Har kuning o‘lsun Navro‘z!”

O‘tkir Alimov tayyorladi, O‘zA