Agar dunyoni musiqa, ohanglar nuqtai nazaridan idrok etadigan bo‘lsak, unda turfa taronalar, minglab ajoyib kuy-qo‘shiq namunalari, barkamol musiqa asarlari bisyor ekanini anglaymiz. Qay biri ko‘nglimizga taskin bag‘ishlaydi, boshqasi huzur, yana biri zavq va jo‘shqinlikka burkaydi olamni.
Biroq, o‘zini shu tabarruk zaminning chin farzandiman, degan yurtdoshimiz borki, uning uchun eng qadrli va e’zozli, eng ardoqli qo‘shiq bor. Bu ona-Vatanimizning Davlat madhiyasidir.
Darvoqe, mamlakatimizda ona-diyorimizni madh etuvchi, qalblarni hayajonga soluvchi go‘zal qo‘shiqlar ham ko‘p. Lekin yurtimizning bosh qo‘shig‘i – jonajon madhiyamiz qalblarga cheksiz faxr va g‘urur, baland ruh, hayajon bag‘ishlaydiki, uning ma’naviy quvvatini hech qaysi bir musiqiy asar bilan tenglashtirib bo‘lmaydi.
Madhiyamizda ma’rifatparvar jadid bobolarimiz, buyuk ajdodlarimiz orzu-armonlari, umrini, aziz jonini bag‘ishlagan ulug‘vor maqsad-muddaolari mujassam. Bu ulug‘vor qo‘shiq istiqlolga yuz tutgan O‘zbekistonimizning ohanglarga jo bo‘lgan tengi yo‘q timsoli.
Unda yurtimizning betakror sifatlari – serquyoshligi, ozod va obodligi, qudrati, jahon tamaddunidagi o‘xshashi yo‘q salohiyati, farovonligiyu ma’murligi, ajdodlarimizning bizlarga mudom madadkor bo‘layotgan uyg‘oq ruhi, pok vijdoni mujassam.
Bu qo‘shiq mamlakatimizga kelgan oliy martabali mehmonlarga O‘zbekistonning naqadar ulug‘vor va mo‘’jizakor diyor ekanini anglatadi. Prezidentimizning jahonning turli davlatlariga tashriflari chog‘ida madhiyamiz Yer kurrasining turli hududlarida baralla yangraydi.
Dunyo ahlining ko‘z o‘ngida g‘alaba qozongan sportchilarimiz, xalqaro fan olimpiadalarining g‘olib va sovrindorlari, milliy va mumtoz san’atimizni, adabiyot va madaniyatimizni kurrai zamin uzra taratayotgan ijod ahli bu qo‘shiqning qadr-qimmatini hammadan ham ko‘ra ko‘proq anglaydi.
Mustaqillik yillarida tavallud topib, hurlikni eng oliy ne’mat deb biluvchi navqiron avlod, ayniqsa, maktab o‘quvchilari qo‘shiqni astoydil, samimiyat bilan baralla aytadilar. Ha, biz bu qo‘shiqni qo‘limiz ko‘ksimizda aytamizki, u yurakka jo bo‘lgan qo‘shiq.
Unda nainki tarixning zalvorli ohangi, balki yangilanib borayotgan O‘zbekistonimizning dadil odimlari, mehnatsevar xalqimizning orzu-niyatlari, yosh avlodning beg‘ubor umidlari, ezgu intilishlari bor! Ozod yurtimning betakror qo‘shig‘i dunyoda mudom barqaror, mangu yangrayversin!
Nazokat Usmonova,
O‘zA muxbiri