Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ozod yurt fermeri ekanimdan faxrlanaman
18:06 / 2014-07-30

Shu kunlarda xalqimiz eng ulug‘, eng aziz ayyom – mustaqilligimizning yigirma uch yillik bayramini katta shodiyona bilan nishonlash taraddudini ko‘rmoqda.

Shu kunlarda xalqimiz eng ulug‘, eng aziz ayyom – mustaqilligimizning yigirma uch yillik bayramini katta shodiyona bilan nishonlash taraddudini ko‘rmoqda. O‘tgan yillar davomida katta va og‘ir sinovlarni boshidan kechirgan xalqimiz istiqlolning naqadar aziz ne’mat ekanini, uni ko‘z qorachig‘idek asrash zarurligini tobora chuqurroq his etmoqda.

Mustaqillik yillarida davlatimiz rahbari Islom Karimovning tashabbusi va rahnamoligida fermerlik harakatiga keng yo‘l ochilgani, fermerlarni qishloqda haqiqiy yetakchi kuchga aylantirish borasida ko‘rsatilayotgan doimiy e’tibor va g‘amxo‘rlik tufayli yer o‘z egasini topdi, dehqon o‘z mehnatining rohatini ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bugungi fermer nafaqat o‘zi, oilasi, balki qishloqdoshlarining, butun mamlakatimizning farovonligini yuksaltirishga xizmat qilmoqda. Ular tomonidan ishga tushirilayotgan korxona va sexlarda yoshlar ish bilan ta’minlanayotir.

Prezidentimizning O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma uch yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risidagi qarorini o‘qir ekanman, qalbimda o‘zgacha g‘urur va iftixor jo‘sh urdi. O‘zimga o‘zim savol beraman: bundan yigirma uch yil oldin kim eding-u, bugun kim bo‘lding? Jonajon Vatanimizning bugungi jamolini o‘tmishiga qiyoslab bo‘lmagani kabi bu savolga ham bir jumla bilan javob berish mushkul. Mamlakatimiz iqtisodiyoti jadal rivojlanib, xalqimiz turmush farovonligi, orzu-o‘ylari yuksaldi. Dunyoqarashi, ongu tafakkuri, tevarak-atrofga, mehnatga, hayotga munosabati tubdan o‘zgardi. Endi u o‘zining qadrini yaxshi biladi, qanday buyuk zotlarning avlodi ekani, hech kimdan kam bo‘lmagani va kam bo‘lmasligini to‘la anglaydi, degan hayotiy haqiqat ko‘nglimdan o‘tadi. Aslida ham shunday-da!

Fermerlik harakati boshlangan dastlabki yillarda uning kelajagiga shubha qilgan, ayni paytda bu ishni oson daromad topish manbai, deb yengil-elpi qaragan, boshqacha aytganda, sohaga adashib kirib qolganlar ham bo‘ldi. Chunki fermerning ishi, bir qarashda, oson ko‘rinadi: xo‘jalik rahbari o‘zi, ilgarigidek har kuni kimgadir hisob berish, reja ortidan quvish yo‘q. Atrofida yaqin odamlari ishlaydi. Xullas, yer olib ekin ekasan-u, hosilni yig‘ishtirib olaverasan.

Aslida bu tinimsiz mashaqqatli mehnat, katta tajriba va sabr-toqat talab qiladigan, odamlarning rizq-nasibasi, kerak bo‘lsa, taqdiri bilan bog‘liq ulkan mas’uliyat ekanini hamma ham birdaniga anglab yetmadi, albatta. Davlatimiz rahbarining doimiy e’tibori va qo‘llab-quvvatlashi bilan fermerlik harakati tobora rivoj topib bordi, bugungi darajasiga erishdi. Yillar tajribasi yuqori hosil olish, yerni yashnatish, gullatishga ishbilarmon fermergina qodirligini ko‘rsatdi. Eng muhimi, fermerlarga qaratilayotgan alohida e’tibor, yaratilayotgan imtiyoz va preferensiyalar samarasida odamlarimiz eski tuzumdan qolgan boqimandalik kayfiyatidan xalos bo‘ldi.

Fermerlik faoliyatimizni 1997-yili 20 gektarli meliorativ holati og‘ir yerda boshlaganmiz. O‘tgan yillar davomida katta tajriba to‘pladik. Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida xo‘jaligimiz hududidagi 3,3 kilometrlik zovur va yopiq drenajlar tozalandi. Yerning ball boniteti 38 dan 48 ga ko‘tarilib, paxta hosildorligi gektariga 15 sentner, g‘allaniki 20 sentnerga oshdi.

Joriy yilda 90 gektar maydonda yetishtirilgan g‘alladan 343 tonnadan ziyod don topshirdik. 200 tonnaga yaqin don xo‘jaligimizning o‘zida qoldi. Ayni paytda 40 gektar maydonda g‘o‘zaning “Porloq-2” navi parvarishlanmoqda. G‘o‘za rivoji baravj. Gektariga 40 sentnerdan hosil ko‘tarishni rejalashtirganmiz.

Mahsulot yetishtirish hajmi ortgani sayin daromadimiz ham oshib bormoqda. Shuning hisobidan zamonaviy texnikalar sotib oldik. So‘nggi uch yilda 5 traktor, 2 ekish agregati, 4 yuk mashinasi xarid qildik. 70 bosh qoramol, 350 bosh qo‘y va echki boqilmoqda, bu o‘z navbatida, qo‘shimcha 18 ish o‘rni yaratish imkonini berdi.

Sobiq tuzum davrida minglab gektar yerga paxta ekkan xo‘jalik rahbari biror joyga o‘z ixtiyori bilan bir dona g‘isht qo‘yishga ham haqli emas edi. Bugungi fermer o‘z daromadiga o‘zi ega. Uni o‘zi tasarruf qiladi, o‘z oilasi, qolaversa, xo‘jalik a’zolarining farovonligi, yurtimizning obodligi yo‘lida sarflaydi.

Qishlog‘imiz tumandagi obod maskanlardan biri. Prezidentimiz tashabbusi va rahnamoligida barpo etilgan zamonaviy uy-joylar, kollej va maktab binosi, QVP, bolalar sport maydonchasi, turli xizmat ko‘rsatish shoxobchalari uni mo‘jazgina shaharchaga aylantirgan. Ko‘rib ko‘zing quvnaydi, hayotdan zavqlanasan. Mana shuning o‘zi ulkan baxt.

Bolaligimdan sinchkov, kuzatuvchan insonman. Har kuni dalaga otlanar ekanman, atrofga qarab, nafaqat men yoki oilam, balki butun qishlog‘imiz, hamqishloqlarimning hayoti o‘zgarib ketganini ko‘raman. Deyarli har bir oilada yangi uy-joy, zamonaviy yengil avtomashina bor. Bularning bari mustaqilligimiz sharofati, Prezidentimiz yuritayotgan oqilona siyosat samarasi ekaniga takror-takror iqror bo‘laman. Shu kunlarga yetkazganiga shukronalar keltiraman. O‘z mehnatim, jamoat ishidagi faoliyatim bilan mamlakatimiz taraqqiyotiga, elimizning farovonligiga, oz bo‘lsa-da, hissa qo‘shayotgan fermer ekanimdan faxrlanaman.

Anorboy Eshmatov,
O‘zbekiston Qahramoni, Jizzax viloyati
Paxtakor tumanidagi “Anvar-A”
fermer xo‘jaligi rahbari, viloyat
fermerlar kengashi raisi.