O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan Parkent ijod uyida O‘zbekiston Qahramoni, adabiyotshunos olim Ozod Sharafiddinov xotirasiga bag‘ishlab, shaxmat turniri o‘tkazildi.
Uyushma axborot xizmatiga ko‘ra, ushbu turnirda 20 dan ortiq ijodkor, uyushma a’zolari qatnashdi.
Ishtirokchilar juft-juft bo‘lib uch partiya davomida bir-biri bilan bahs olib bordi. Bu yerda nafaqat qizg‘in shaxmat musobaqasi, balki samimiy va ajoyib gurunglar ham bo‘ldi.

— Shaxmatni aql gimnastikasi, deyishadi, – deydi shoira Dilobar Asliddin qizi. – Rostdan ham shaxmat doskasida dona surish menga o‘zgacha zavq beradi. Shu sababli ham tez-tez shaxmat o‘ynab turaman. To‘g‘ri, taktikada kuchli emasman. Ammo har o‘yinda nimadir o‘rganaman. bugungi turnirda o‘yin bilan bir qatorda yaxshi suhbatlar bo‘ldi. Latifalar, hayotiy hangomalar tingladim. Ustoz ijodkor Ozod Sharafiddinov kelinlaridan olimning hayot yo‘li haqida o‘zimga qiziq bo‘lgan narsalarni so‘rab oldim. G‘oliblik emas, diydor muhim edi va eslashga arzirli adabiy gurung bo‘ldi...
Natijalarga ko‘ra, birinchi o‘rin yosh ijodkor Temurbek Boboqulovga nasib qildi. Ikkinchi o‘rin O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti dekani Akbar Nurmatovga, uchinchi o‘rin «Mushtum» jurnali bosh muharriri o‘rinbosari Murod Ali O‘tamaliga berildi. Ijodkorlar Ma’mura Zohidova, Bobur Mamaraimov rag‘batlantiruvchi o‘rinlarni qo‘lga kiritdi.

Ushbu turnirga Jahon chempioni Islombek Sindorov hakamlik qildi.
G‘oliblarga kitoblar, pul mukofoti va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
O‘zA