Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zMTDPning navbatdan tashqari VIII s’ezdida Shavkat Miromonovich Mirziyoyev nomzodi qo‘llab-quvvatlandi
19:41 / 2023-05-31

Bugun, 31 may kuni “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining navbatdan tashqari VIII s’ezdi bo‘lib o‘tdi.

Unda 2023 yil 9 iyul kuni muddatidan ilgari bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodni ko‘rsatish, partiya Ustaviga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish hamda Markaziy kengash a’zolarining yangi tarkibini tasdiqlash to‘g‘risidagi masalalar muhokama qilindi.

S’ezdda “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod ko‘rsatish to‘g‘risidagi masala atroflicha muhokama qilindi. S’ezdda so‘z olganlar “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi dasturiy maqsadlarining amalga oshishi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyev faoliyati bilan chambarchas bog‘liqligini alohida e’tirof etdi.

Birinchidan, oxirgi 6 yilda partiya dasturiy maqsad vazifalarining asosiy qismi bevosita davlat rahbarining faoliyati natijasi o‘laroq amalga oshirilgani ta’kidlandi. Partiya oldiga qo‘ygan dasturiy maqsadlari sifatida belgilab olgan va ijrosi ta’minlangan 237 ta maqsaddan 143 tasi bevosita O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning qaror va ko‘rsatmalari asosida amalga oshirilgan.

Ikkinchidan, partiya ustuvor vazifalari hisoblangan ona tilimiz, milliy tariximiz, madaniyatimiz va merosimizni asrab-avaylash, rivojlantirish masalasida Shavkat Miromonovichni jonkuyarligi, keng qamrovli islohotchi, millatparvar insonligi ko‘rsatib o‘tildi.

Oila institutini jamiyatning asosiy bo‘g‘ini sifatida mustahkamlash va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ham tom ma’noda ijobiy o‘zgarishlar amalga oshirilyapti. Shu bilan birga, milliy ishlab chiqarish qo‘llab-quvvatlanib, iqtisodiyotimiz sezilarli darajada rivojlandi, yalpi ichki mahsulot hajmi esa ilk bor 80 milliard dollardan oshdi.

Yana bir muhim omil: 2023 yilda turizm xizmatlari eksporti, 2017 yilga nisbatan 3 barobarga oshib, 1,6 milliard AQSH dollarini tashkil etgan. 2016 yilgacha yurtimizga xorijiy tashrif buyuruvchilar sonining o‘sish sur’ati o‘rtacha yillik 8 foizni tashkil qilgan bo‘lsa, 2022 yilda xorijiy turistlar 2021 yilga nisbatan 3 barobarga oshib, 5,2 million nafarga yetgan.

Uchinchidan, har qanday millatning rivojlanishi ta’lim tizimiga, uning sifatiga bog‘liq. Shu nuqtai nazardan, s’ezdda so‘z olganlar Shavkat Miromonovich tomonidan maktabgacha ta’lim tizimidan boshlab, oliy va undan keyingi ta’limni rivojlantirishda misli ko‘rilmagan islohotlar amalga oshirilayotganini alohida qayd etdi.

O‘tgan yillar davomida maktabgacha ta’lim tizimi, maktab va oliy ta’lim tubdan isloh qilindi. Natijada, mamlakatda inson kamoloti uchun zarur shart-sharoitlar yaratildi. 2017 yilda maktabgacha yoshdagi bolalarning 18-20 foizi bog‘chalarga qamrab olingan bo‘lsa, 2023 yilda bu ko‘rsatkich 70 foizdan oshdi.  

Umumta’lim maktablarida esa ta’lim dasturi tubdan o‘zgardi. Prezident, ixtisoslashtirilgan va ijod maktablari tashkil etildi. Birgina o‘tgan yili 3,2 trillion so‘mga 807 ta maktabda qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasi 9 foizdan 40 foizga oshdi. Boshqacha aytganda bugun 1,3 milliondan ortiq yosh oliygohlarda tahsil ola boshladi.

Aynan amaldagi Prezident tashabbusi bilan O‘zbekiston “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” tamoyili asosida yurtimiz taraqqiyotning yangi, yanada yuksak bosqichiga qadam tashlamoqda.

To‘rtinchidan, amaldagi Prezident millatimizni, davlatimizni, nafaqat rivojlantirishda, balki suveren davlat sifatida xalqaro nufuzini oshirishda beqiyos hissa qo‘shmoqda. O‘zbekistonni nafaqat qo‘shni davlatlar, balki butun jahon hamjamiyati e’tirof etmoqda.

Beshinchidan, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi bilan birgalikda ko‘pdan beri o‘z siyosiy maqsadlarni amalga oshirish uchun hamkorlik qilib kelgani, ko‘p yillar parlamentda “Demokratik kuchlar bloki”da birgalikda faoliyat yuritgani qayd etildi. Hamkorlikdagi faoliyat natijasida 2022 yilda mamlakatda konstitutsiyaviy islohotlar haqida tashabbus ilgari surildi. Tashabbus parlament palatalari tomonidan to‘liq qo‘llab-quvvatlandi.

Mamlakatimiz tarixida ilk bor, yuqori darajadagi faollik bilan yangi tahrirdagi Konstitutsiya qabul qilindi. Ushbu Konstitutsiyani “Xalq konstitutsiyasi”, deb atash barobarida uni “milliy ruhimizni baland ko‘targan, qadriyatlarimizni qadrlagan Konstitutsiya”, deb ham aytish uchun asos bor.

S’ezdda “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi albatta, bu kabi ulkan islohotlarni, har bir inson hayotida ijobiy o‘zgarishlarga olib kelgan ishlarni davom ettirishi tarafdori ekanligi qayd etildi. Shundan kelib chiqib, s’ezd delegatlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga milliy yuksalishni amalda ta’minlayotgan, millat va Vatanga sadoqati hamda xalqparvarligini isbot qilgan davlat rahbari – Shavkat Miromonovich Mirziyoyev nomzodini “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi bilan birgalikda qo‘llab-quvvatlashi bo‘yicha yakdil fikrga keldilar.

S’ezdda saylovoldi kampaniyasi davrida nomzodni qo‘llab-quvvatlash borasida bir qator vazifalar belgilanib, muhokama etilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

Muhtarama Komilova, O‘zA