“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasi mazmun-mohiyati hamda “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining 2025 yil faoliyati yakuni bo‘yicha ma’lumotlar berildi.
Qayd etilganidek, hisobot yilida fraksiya tomonidan 2 ta qonun loyihasi quyi palataga kiritilgan, yana 12 tasiga hamtashabbuslik qilindi. Jumladan, jamiyatning barcha jabhalarida jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, qonunchilik hujjatlarida belgilangan nodavlat notijorat tashkilotlarining faoliyati erkinligi kafolatini to‘liq ta’minlash orqali ularning huquq va qonuniy manfaatlarini ro‘yobga chiqarish uchun qonunchilikni yanada takomillashtirish zaruratidan kelib chiqib, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilib, qabul qilindi.
[gallery-27354]
Tergov hibsxonalarida ushlab turilgan va qamoqqa olingan shaxslarga ishlanmaydigan bayram kunlarida qo‘shimcha imtiyozlar berish, oziq-ovqat mahsulotlari va eng zarur narsalarni naqd pulsiz hisob-kitob qilish uchun ruxsat etilgan summa miqdorini oshirish maqsadida “Jinoyat ishini yuritish chog‘ida qamoqda saqlash to‘g‘risida”gi qonuni loyihasida ham hamtashabbus bo‘lindi.
Fraksiya tashabbusi bilan o‘tkazilgan “Hukumat soati”da mansabdorlar axboroti, hisoboti eshitildi. Vazirlik va idoralarga 31 ta “Deputatlik so‘rovi” yuborildi.
Joylarda tashkil etilgan “Sayyor qabul”larda 2 ming 165 nafar fuqaroning murojaati o‘rganilib, 720 tasi ijobiy hal etildi.
Mahalliy Kengash deputatlari tomonidan tegishli tashkilotlarga 3 ming 451 ta deputat so‘rovi yuborilib, 2 ming 942 tasi ijobiy hal etildi. 398 tasining yechimi bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilandi. So‘rovlarning 47 tasi javobi kechiktirib yuborilgan bo‘lsa, 70 tasiga umuman javob qaytarilmagan.
Partiyaning o‘quv-tadqiqot va tahlil markazi tomonidan faoliyat samaradorligini oshirishga qaratilgan 14 ta o‘quv-seminarlari tashkil etildi.
Partiyaviy loyiha – “Xizmat – beminnat” doirasida mingga yaqin o‘quv kurslari tashkil qilinib, 1 ming 199 nafar yosh qo‘shimcha bepul ta’limga, 2 ming 844 nafar xotin-qiz esa kasb-hunarga yo‘naltirildi. Natijada 259 nafar ayol o‘z mustaqil faoliyatini yo‘lga qo‘ydi. 1776 nafarining esa bandligi ta’minlandi.
Matbuot anjumanida jurnalistlarning savollariga tegishli javoblar qaytarildi.
Muhtarama Komilova, O‘zA