O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi va uning nomzodlari tomonidan saylov kampaniyasining eng muhim pallasida saylovoldi tashviqoti ishlari jadallik bilan olib borilmoqda. Xususan, partiyaning Toshkent shahar kengashi tashabbusi bilan Toshkent davlat pedagogika universitetida “Qadriyatlarga tayangan taraqqiyot” shiori ostida targ‘ibot tadbiri tashkil qilindi.
Targ‘ibot tadbirida ishtirokchilarga partiyaning 2025-2029 yillarga mo‘ljallangan Saylovoldi dasturi mazmun-mohiyati batafsil tushuntirildi. Ishtirokchilarning bo‘lajak pedagoglar ekanligidan kelib chiqib, barkamol avlod salohiyatini ro‘yobga chiqarish, maktabgacha va maktab ta’limi bo‘yicha belgilangan taklif va tashabbuslar haqida atroflicha ma’lumotlar berildi.

Bo‘lajak pedagoglar dasturdagi “Yangi avlod tarbiyachi va pedagoglarini tayyorlash Davlat dasturi”ni qabul qilish, maktablarga pedagoglarni tanlov asosida ishga qabul qilishning shaffof tizimini amalga oshirish, o‘qituvchilar faoliyatiga baho berishning videokuzatuvga tayangan reyting ballari asosida haq to‘lash tizimini joriy etish kabi takliflarni qo‘llab-quvvatladi.
Targ‘ibot-tashviqot ishlari barcha hududda qizg‘in davom etmoqda.
Muhtarama Komilova, O‘zA