Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“O‘zmilliybank”da “Korrupsiyasiz soha” loyihasi
16:00 / 2023-11-24

“O‘zmilliybank” AJ Samarqand viloyati boshqarmasida korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri o‘tkazildi.

Aksilkorrupsiya oyligi doirasida tashkil etilgan tadbirda boshqarmaga qarashli Amaliyot bank xizmatlari markazi xodimlari bevosita, Registon, Pastdarg‘om, Urgut va Jomboy bank xizmatlari markazlari hamda Bulung‘ur, Payariq, Zarmitan, Qorasuv, Kattaqo‘rg‘on, Nurobod bank xizmatlari ofislaridagi xodimlar videokonferens aloqa tarzida ishtirok etdi.

Dastlab bank rahbariyati tomonidan faoliyat ochiqligini ta’minlash, korrupsion xatarlarning oldini olish va bartaraf etish, sohada korrupsiyaga karshi kurashishning zamonaviy tizimlarini joriy etish hamda “Korrupsiyasiz soha” loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.

Tadbirda Samarqand viloyati hokimligi korrupsiyaga qarshi nazorat qilish shu’basi, viloyat prokuraturasi, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti viloyat boshqarmasi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar mas’ul xodimlari ishtirok etib, viloyatda korrupsiyaga qarshi kurashish, jamiyatda bu illatga qarshi murosasiz munosabatni shakllantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z yuritdi. Xususan, iqtisodiyot sohasida korrupsiya holatlarining yuzaga kelish sabab va oqibatlari aniq misollarda sharhlab berildi.

– 2021 yilda bankimizda “Korrupsiyasiz soha” loyihasini amalga oshirish bo‘yicha yo‘l xaritasi tasdiqlangan va unda belgilangan chora-tadbirlar o‘z vaqtida bajarib kelinmoqda, – deydi “O‘zmilliybank” AJ Samarqand  viloyat bosh boshqarmasi xavfsizlik rejimi va axborot himoyalash bo‘limining kompleans nazorat va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha bosh mutaxassisi Sherali Ziyatov. – Bunda avvalo xodimlarda korrupsiyaga, uning har qanday ko‘rinishlariga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, korrupsiyaga sharoit yaratadigan omillarni bartaraf etish, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik choralari ko‘rilmoqda. Barcha xodimlar, jumladan, yangi ishga qabul qilinayotganlar korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishi bo‘yicha avtomatlashtirilgan SAP (Success Factors Learning Management System) tizim orqali o‘qitilib, malaka oshiryapti. Har haftalik ma’rifat soatlarida ham xodimlarga bu borada zarur tushuncha beriladi. Bir qator bank operatsiyalarini elektron tizim orqali, inson omili aralashmagan holda amalga oshirish imkoniyati yaratilgan. Shuningdek, mijozlar uchun ishonch telefonlari tashkil etilgan va ular xizmat sifati, xodimlarning muomala-munosabati yuzasidan murojaat qilishlari mumkin.

Tadbir davomida bank mas’ullari va huquq-tartibot idoralari vakillari xodimlarni qiziqtirgan savollarga ham batafsil javob berdi.

G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat),

O‘zA muxbirlari