Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“O‘zmilliybank”AJ: Quyosh pannelari -energiya barqarorligi omili
15:45 / 2023-12-29

Ma’lumki, mamlakatimiz muqobil energetikani rivojlantirish uchun katta salohiyatga ega hudud. Shu bois ham so‘nggi yillarda quyosh panellaridan samarali foydalanilib, energiya resurslari tejalishiga va energiya taqchililigiga barham berishga erishilmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligida 27 dekabr kuni oltita hududda 5 ta quyosh va 1 ta shamol elektr stansiyasini ishga tushirilishi ham bu boradagi samarali ishlarning mantiqiy davomi deyish mumkin. Jumladan, Qashqadaryoning Nishon, Buxoroning Qorovulbozor, Surxondaryoning Sherobod, Jizzaxning G‘allaorol, Samarqandning Kattaqo‘rg‘on tumanida quyosh elektr stansiyasi, Navoiyning Tomdi tumanida shamol elektr stansiyasi faoliyatini boshladi. Qayd qilinishicha, umumiy qiymati 2 milliard dollarlik ushbu stansiyalar to‘liq ishga tushsa, ikki millionta xonadon uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlanadi, 2 milliard kub metr tabiiy gazni tejash hamda sanoat va xizmatlar sohasida 4 milliard dollarlik qo‘shilgan qiymat yaratish imkoniyati paydo bo‘ladi. Xullas, mazkur yo‘nalishda nafaqat ishlab chiqarish va sanoat korxonalari, shuningdek, moliya-bank muassasalari, jumladan, “O‘zmilliybank” AJ tomonidan aholi hamda tadbirkorlik su’bektlari uchun ajratilayotgan kredit mablag‘lari ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Fikrlarimizni Samarqand viloyati misolida davom ettiramiz.  Samarqand shahrida faoliyat olib borayotgan INTERNATIONAL SCHOOL OF FINANCE TECHNOLOGY AND SCIENCE (ISFT) xususiy oliy ta’lim muassasasida o‘z binolariga umumiy quvvati 35 kilovat bo‘lgan quyosh panellarini o‘rnatilishi bilan energiya barqarorligiga erishmoqda. Muassasa muqobil energiya panellerini o‘rnatish uchun tijorat bankidan 256 million so‘m imtiyozli kredit olgan edi.  

- Quyosh panelining afzaligining muhim jihati bu uning tejamkorligidir, - deydi mutaxassis Javlon Shaydullayev- Avvallari kuniga 80 kvtlik elektr energiya sarflangan bo‘lsa, hozirda  30 kvtgacha elektr energiyadan foydalanmoqdamiz. Natijada avvallari 2 mlngacha sarflagan pul mablag‘larimizdan bir millionini tejash imkoniyati paydo bo‘ldi. Bir so‘z bilan aytganda, quyosh panellari biz uchun qulay va hamyonbop usulga aylandi.  

“Zilol-Baxt” mehmonxona va restoran xizmati faoliyati bilan shug‘ullanadigan mahalliy tadbirkor tomonidan ham aynan quyosh panellarini o‘rnatish bo‘yicha kredit mablag‘laridan foydalanish istagi bildirildi. Natijada “O‘zmilliybank”ning 204 million so‘mlik kredit mablag‘i evaziga bino va inshootlariga 30 kilovatlik quyosh panellari o‘rnatildi. Ayni chog‘da energiya bilan bog‘liq muammolarga chek qo‘yilib, bu yo‘nalishda  sarf etiladigan mablag‘lar tejab qolinishiga erishilmoqda.  

-Bu yil kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik jarayonida “O‘zmilliybank”dan imtiyozli davr bo‘yicha quyosh panellarini o‘rnatish uchun kredit mablag‘lari olishga muvaffaq bo‘ldik. Buning uchun albatta, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlayotgan hukumatimizga minnatdorlik bildiramiz,- deydi menejer Olmos Ashirov.  

Jomboy tumanining Zarafshon mahallasida joylashgan aholiga xizmat ko‘rsatish majmuasi ham bankning 750 million so‘mlik krediti evaziga 95 kilovatlik quyosh pannelarini o‘rnatib, undan beminnat foydalanib kelmoqda.    

-Muqobil energiyadan foydalanish mijozlarga xizmat ko‘rsatishning eng qulay vositasiga aylandi. Restoran hamda savdo bo‘yicha xizmat tashkil etganmiz va oyiga 3 mlndan ortiq mablag‘ning o‘zini elektr energiyasi uchun sarflashimizga to‘g‘ri kelardi. Hozirda shu mablag‘ning yarmini ishlatayotganimiz ham ortiqcha ovoragarchilik, ham mablag‘imizni iqtisod qilishga yordam beryapti,-deydi tadbirkor  Hasan Mamatov.  

Chindan ham, qayta tiklanadigan energiya resurslaridan samarali foydalanish yashil iqtisodiyotni rivojlantirishga intilayotgan O‘zbekiston energetika siyosatining muhim tarkibiy qismiga aylangan. Bank va moliya muassasalari tomonidan aholi xonadonlari, korxona, tashkilotlarga muqobil energiya vositalarini o‘rnatish borasidagi moliyaviy ko‘mak va  tashabbuslar energotejamkorlikka erishish, aholi hayotini yanada farovonlashtirishga   xizmat qiladi.    

 

 “O‘zmilliybank”AJ Matbuot xizmati