“O‘zmilliybank” aksiyadorlik jamiyati matbuot xizmati ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘ylab navbatdagi press-tur tashkil etildi.
Unda jurnalistlar bankning moliyaviy ko‘magida yangi tashkil etilgan tadbirkorlik ob’ektlari, xizmat ko‘rsatish shoxobchalari hamda yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishishdi. Shuningdek, tadbirkorlar tomonidan yaratilgan ish o‘rinlari va hududlar infratuzilmasini yaxshilash yo‘lidagi ilg‘or tashabbuslar ijrosi bo‘yicha ma’lumotga ega bo‘lishdi.
Ta’kidlash joizki, “O‘zmilliybank” aksiyadorlik jamiyati Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosh boshqarmasi tomonidan bugungi kunda 320 ming nafardan ortiq aholi va xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga sifatli va tezkor bank xizmatlari ko‘rsatib kelinmoqda. Jumladan, hozirgi kunda bankdagi yuridik mijozlar soni 6 ming nafardan ko‘p va jismoniy shaxs bo‘lgan mijozlar soni esa 50 mingdan ortiqni tashkil etadi.
[gallery-26798]
Qoraqalpog‘iston Respublikasida aholi bandligini ta’minlash va daromadlarini oshirish, shuningdek tadbirkorlikka jalb etish maqsadida “O‘zmilliybank”ka 3 ta shahar va tumandan jami 36 ta fuqarolar yig‘ini biriktirilgan. Ushbu mahallalarda ishlarni tashkil etish uchun 38 ta mahalla agenti va 38 ta mahalla bankiri shtati yaratildi.
2025 yil yanvar-noyabr oylari davomida bank tomonidan olib borilgan chora-tadbirlar natijasida jami 17 ming 634 nafar aholi daromadli mehnat bilan band qilindi. Jumladan, 7 ming 447 nafar aholi doimiy ishga joylashtirildi. 10 ming 187 nafar aholi tadbirkorlikka jalb etildi.
— O‘tgan yilga nisbatan ajratilgan 470 milliard so‘m kredit mablag‘i evaziga tadbirkorlar o‘z faoliyatlarini yuritib kelmoqdalar.
Yosh tadbirkorlarni qo‘llab-qo‘vvatlash maqsadida 12 milliard so‘m, ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash maqsadida esa 11 milliard so‘mgacha kredit ajratilgan.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan yilning 16 dekabr kuni mahallalarda aholi bandligini ta’minlash va daromadli qilishga qaratilgan ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan vazifalar ijrosi yuzasidan bir qator ishlar amalga oshirildi.
Masalan, 38 ta mahallaga 11 ta mahalla bankiri biriktirilgan va 38 ta mahalla agenti faoliyat yuritib kelmoqda. Shuningdek Prezidentimizning joriy yil 14 fevraldagi “Oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining ishga joylashishiga ko‘maklashish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida hamda “Kelajakka qadam” dasturi doirasida yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish maqsadida 11 milliard so‘mga yaqin kredit mablag‘i ajratildi, — deydi bankning Biznes mujozlarga kreditlash bo‘limi boshlig‘i Jo‘rabek Sobirov.
Ta’kidlash joizki, “O‘zmilliybank” ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirishda mas’ul moliya muassasasi hisoblanadi. Shuning natijasida Orollbo‘yida servis xizmati tobora rivojlanib bormoqda. Mazkur bank bilan hamkorlikda faoliyat olib borayotgan Nukus shahridagi “Santini” restorani press-tur ishtirokchilarining dastlabki manzili bo‘ldi.
—Bizning restoranimiz 2024 yil dekabr oyida to‘liq restavratsiyadan chiqdi hamda “O‘zMilliybank”ning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosh boshqarmasidan olingan 300 million so‘m kredit evaziga jihozlandi. Hozirda bizda 52 ta ish o‘rni yaratilgan. Bir paytning o‘zida 350 nafar kishiga xizmat ko‘rsata olamiz. Hududlarda tarmoqlarimizni yanada kengaytirish maqsadimiz bor va bu jarayonda bank bilan xamkorlikni davom ettiramiz. Chunki, “O‘zMilliybank” bizlarga ortiqcha ovoragarchiliklarsiz xizmat ko‘rsatib keladi. Biz bundan judayam manmunmiz, —deydi mazkur restoran ish boshqaruvchisi Temurbek Davlatboyev.
Tadbir ishtirokchilari “O‘zmilliybank” aksiyadorlik jamiyati moliyaviy ko‘magida faoliyatini yo‘lga qo‘ygan Nukus shahrining “Jana bazar” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi “Nukus SSP Texnopark” mas’uliyati cheklangan jamiyatida ham bo‘lishdi.
Davlatimiz rahbarining 2023 yil 8 avgustdagi “Qoraqalpog‘iston Respublikasida tadbirkorlarga qulay sharoitlar yaratishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash doirasida tashkil etilgan, qiymati 48 million 285 ming AQSH dollari bo‘lgan loyiha 17 ming 300 tonna aralash ip kalava, 17 million metr mato gazlama ishlab chiqarish quvvatiga ega.
“O‘zMilliybank” bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyiha uchun 2023 yilda Nukus shahridan 12 gektar yer maydoni ajratildi.
Korxonaga bankdan olingan imtiyozli 28,5 million yevro kredit hisobidan Germaniya, Yaponiya, Turkiya, Shveysariya, Hindiston mamlakatlarining kompaniyalaridan sharnoma asosida zamonaviy uskunalar olib kelib o‘rnatildi. Bugungi kunga kelib, Rossiya va Belorus davlatlariga 1 million 24 ming AQSH dollari miqdorida mahsulot eksport qilindi. Hozir korxonada 150 nafar fuqaroning bandligi ta’minlangan. Mutasaddilarining ta’kidlashicha, korxona to‘liq faoliyatga kirishgach, 1,5 ming ish o‘rni yaratiladi.
Press-tur ishtirokchilari Xo‘jayli tumanidagi non va non mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan “lSSlK NON-XUJAYLI” mas’uliyati cheklangan jamiyatida, Qo‘ng‘irot tumanidagi plastik romlar va eshiklar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadigan "WINLUX" xususiy korxonasida bo‘lishib, ularning ish faoliyatlari bilan yaqindan tanishishdi. Natijada ular tomonidan Bankdan olingan kreditlarning ishlab chiqarishni kengaytirish, yangi ish o‘rinlarini yaratishdagi afzalliklari to‘g‘risida fikr-mulohazalar bildirildi.
“lSSlK NON-XUJAYLI” mas’uliyati cheklangan jamiyatida ishlab chiqarilayotgan non va non mahsulotlari nafaqat Xo‘jayli tumaniga, balki Orolbo‘yining boshqa hududlariga ham yetkazib berilmoqda. Bu yerda har kuni 3,5 mingta mahsulot ishlab chiqarilib, mijozlarga bepul yetkazib berish xizmati yo‘lga qo‘yilgan. Korxona faoliyatini yanada kengaytirish maqsadida yaqin kunlarda bankdan yana 3 milliard so‘m kredit olish jarayonida turibdi. Ushbu kredit mablag‘i olingandan so‘ng yangi ish o‘rinlari yaratilib, mahsulotlar yanada ko‘payadi.
Filial tarkibida 3 ta Bank xizmatlari ko‘rsatish markazi (Nukus amaliyot, To‘rtko‘l, Qo‘ng‘irot) va 4 ta Bank xizmatlari ofislari (Xo‘jayli, Chimboy, “Nurli yo‘l”, “Mang‘it”) mavjud. Bugungi kunda bank xizmatlaridan xorijiy investorlar ham mamnun.
– Biz beton zavodi qurilishiga 4 million AQSH dollaridan ortiq sarmoya kiritdik, – deydi Xitoyning “TTS Beton” kompaniya rahbariyatining Qoraqalpog‘istondagi vakili Chjou Syanlyan.– Orolbo‘yining rivoji va qurilishiga o‘z hissamizni qo‘shayotganimizdan mamnunmiz. Ayni paytda biz turli loyihalarni amalga oshirishni, jumladan, Xo‘jaylida 400 million dollarlik Yoshlar ijtimoiy-iqtisodiy markazi qurilishi uchun beton yetkazib berishni o‘z zimmamizga olganmiz. Kelgusida Qoraqalpog‘iston bilan hamkorlikni yanada chuqurlashtirish niyatidamiz. Buning uchun “O‘zmilliybank” aksiyadorlik jamiyatiga minnatdorchilik bildiramiz. Biz uchun mazkur bankning qo‘llab-quvvatlashi mahalliy ishlarda katta ahamiyatga ega bo‘lib, mablag‘larimiz harakatining xavfsizligi va barqarorligini ta’minlaydi.
Xulosa qilib aytganda, “O‘zmilliybank” bugun iqtisodiyotimiz rivoji uchun biznes hamda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash borasida har doim ishbilarmonlar bilan hamkorlikka tayyor. Zotan, el taraqqiyoti yo‘lida kamarbasta bo‘lish mazkur bank qadriyatlarining eng muhim tamoyillaridan biridir.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA