Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zmilliybank yashil texnologiyalarni moliyalashtirmoqda
10:28 / 2023-08-23

Bugun dunyo miqyosida tabiiy resurslar sarfini kamaytirish va yashil energetikaga o‘tish masalasi dolzarb mavzusiga aylandi. Muqobil energiyaning samarali yechimi bu quyosh quvvatidir. O‘zbekistonda yilning 300 kundan ko‘prog‘i quyoshli o‘tishini hisobga olsak bu imkoniyatdan samarali foydalanish zarur.

Yashil texnologiyalarni joriy etish esa yurtimizda allaqachon boshlangan. Prezidentimizning 2023 yil 16 fevraldagi “Qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori bu boradagi ishlar samaradorligini yanada oshirdi.  

Mazkur hujjat ijrosi doirasida manzilli dastur ishlab chiqilib, quyosh panellari o‘rnatish yo‘nalishidagi loyihalar tijorat banklari tomonidan moliyalashtirilmoqda. Ayni jarayonda mamlakatimizdagi  moliya muassasalari xususan, “O‘zmilliybank” AJ ham faol ishtirok etmoqda. Bank tomonidan taqdim etilayotgan milliy yashil bank kredit mahsuloti tadbirkorlik sub’ektlari va aholining iqtisodiy tejamkor, arzon energiya ta’minotiga o‘tishiga hissa qo‘shmoqda.  

Shayxontohur tumanidagi “lumos school” nodavlat ta’lim muassasasining elektr energiyaga bo‘lgan ehtiyoji ham endilikda muqobil energiya manbalari orqali ta’minlanadi. Ta’lim tashkiloti binosiga O‘zmilliybankning 635 million so‘mlik moliyaviy ko‘magida 50 kVtli quyosh panellari o‘rnatildi. Mutaxassislar fikricha, o‘rnatilgan quyosh panellari muassasaning kunlik ehtiyoji uchun sarflanadigan energiyani 70-80 foiz iqtisod qilish imkonini yaratadi.  

–Prezidentimiz tashabbusi bilan muqobil energiya tizimiga o‘tish bo‘yicha topshiriq berildi, – deydi suhbat chog‘ida nodavlat ta’lim muassasasining xo‘jalik ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Ulug‘bek Annaqulov. – Ushbu topshiriq ijrosi yuzasidan 50 kVtli quyosh panellarini o‘rnatdik. Bugungi kunda undan samarali foydalanmoqdamiz. Maktabimizni bir kunlik ehtiyoji 600-700 kVt bo‘ladigan bo‘lsa, shundan 80 foizga yaqinini aynan quyosh panellari ta’minlab bermoqda. Natijada tejalgan elektr energiyani davlatga sotish imkoniyati yuzaga kelmoqda.  

Poytaxtimizdagi yirik savdo majmualaridan Ekobozor ham o‘zining savdo va xizmat ko‘rsatish quvvatlarini muqobil energiya tizimiga o‘tkazish jarayonini boshladi. Majmuaning avtoturargoh qismi 360 kVtli quyosh panellari bilan jihozlanmoqda. Hozirda qayta tiklanuvchi energiya tizimi savdo markazi ehtiyojining 30 foizini qoplamoqda. Bu loyihaning birinchi bosqichi bo‘lib, kelgusida majmuaning barcha qismini to‘liq quyosh panellari bilan jihozlash ko‘zda tutilgan.  

– Hozirda Ekobozor va Chimgan savdo majmualarining 600 kvadrat metrdan ortiq hududiga mo‘ljallangan quyosh panellari o‘rnatildi, – deydi korxona rahbari Sardor A’zamov. – Mazkur qurilmalarning umumiy hajmi 360 kVtdan iborat. Bu degani kuniga 1200 kVt elektr energiya ishlab chiqaradi. Yiliga hisoblaganda 150 ming kVt elektr energiya ishlab chiqarish imkonini beradi.  Kelajakda mazkur avtoturargohda elektron avtoulovlar uchun quvvatlash uskunalarini ham keltirib o‘rnatish rejalarimiz bor.  

“O‘zmilliybank” AJ nafaqat yashil texnologiyalarni joriy etish loyihalarini moliyalashtirish balki bankning hududiy filial va bank xizmatlari markazlari binolarini quyosh panellari bilan jihozlash ishlarini ham davom ettirmoqda. Xususan, joriy yilning  1 avgust holatiga ko‘ra, bankning 64 ma’muriy binosi umumiy qiymati 10,9 milliard so‘m bo‘lgan quvvati 1135 kVtli quyosh panellari va umumiy hajmi 11800 litr bo‘lgan 59 quyosh  suv isitish qurilmalari bilan jihozlangan. Ayni kunda ular qatoriga bankning Mirobod tumanida joylashgan bosh amaliyot bank xizmatlari markazi ham qo‘shildi. 80 kVtli quyosh panellari yordamida bank xizmatlari markazi hozirda sarf bo‘layotgan elektr energiyaning 30 foizini qoplashga erishgan. Shuningdek, aholiga tezkor bank xizmatlarini ko‘rsatib kelayotgan Sebzor Bank amaliyotlari markazi binolarida ham quyosh panellari qurilmalarini o‘rnatish ishlari yakunlandi. Ushbu binolarga o‘rnatilgan 150 kVtli muqobil energiya manbalari bugun bank binolarining kunlik ehtiyoji uchun sarf bo‘layotgan energiya ta’minotini iqtisod qilishga ko‘maklashmoqda.  

–“O‘zmilliybank” AJ tomonidan 2023-2024 yillarda bank binolarini quyosh panellari hamda quyosh suv isitish qurilmalarini o‘rnatish bo‘yicha rejalar belgilab olingan, – deydi “O‘zmilliybank” AJ  Toshkent shahar boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Otabek Ramazonov. – Mazkur rejaga asosan, Toshkent shahridagi 14 bank xizmatlari markazlarida 730 kVtli quyosh panellari o‘rnatildi. Xususan, Sebzor bank xizmatlari markazi misolida oladigan bo‘lsak, 100 kVtli quyosh panellari o‘rnatgan bo‘lib, uning kunlik ishlab chiqarish quvvati 300 kVtni tashkil etadi.  

“O‘zmilliybank” AJ tomonidan bu boradagi ishlar bosqichma-bosqich davom ettirilmoqda. Yil yakuniga qadar qolgan bank xizmatlari markazlari ham umumiy qiymati 1.75 milliard so‘mlik 175 kVt quvvatga ega quyosh panellari bilan ta’minlanadi.  

 

“O‘zmilliybank” AJ  

Matbuot xizmati  

reklama huquqi asosida